Rossiya Ukraina qo‘shinlarining Kursk viloyatida taslim bo‘lishini uzoq kutish niyatida emas. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi va u ukrainalik askarlarning qurollarini tashlab qo‘yish taklifi kuchda qolayotganini, ammo "vaqt tugab borayotganini" ta’kidladi.
Moskva Ukraina qo‘shinlari Kursk viloyatida qurshab olinganini da’vo qilmoqda. Bunga javoban AQSh prezidenti Donald Tramp Vladimir Putinga rahm-shafqat ko‘rsatishni so‘radi. Kreml Kiyevga ultimatum qo‘yib, Ukraina rasmiylaridan o‘z qo‘shinlariga qurollarni tashlab, taslim bo‘lishga buyruq berishni talab qildi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy og‘ir vaziyat va Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidan chekinishi mumkinligini bilvosita tasdiqladi.
“Kursk viloyatidagi vaziyat, albatta, juda qiyin. Kursk operasiyasining maqsadi qo‘shinlarni Pokrovskdan, Xarkov yo‘nalishidan va Sumidan uzoqlashtirish edi. Yigitlarimiz mutlaq qahramonlik ko‘rsatishdi, shunday kuchli zarba berishdi”, — dedi u.
Bir kun avval, 14 mart kuni Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan tezkor yig‘ilishda Putin Ukraina Qurolli kuchlari askarlari qurollarini tashlab, taslim bo‘lishsa, ularga “hayot va munosib muomala” kafolatlanishini aytdi.