Bugun 20 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Vafot etgan kishining nomidan qurbonlik qilishning tartibi qanday?

Vafot etgan kishining nomidan qurbonlik qilishning tartibi qanday?

   Avvalo, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va ota-ona, ustoz, qarindosh-urug‘lar tarafidan qurbonlik qilishlik salafi solihlarimizning odatlaridan bo‘lgan. Bunday qilishni o‘zlarini saodati deb bilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuqoridagi hadisda bayon qilib o‘tilganidek, ikki qo‘chqorni qurbonlik qilib, birining savobini o‘zlarining ummatlariga bag‘ishlaganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga muhabbatim bor deb da’vo qiluvchilarga ham u zot tomonidan qurbonlik qilish munosibdir. Bu ham u zotni bizni qurbonligimizga muhtojliklari tufayli emas. Shoyad, shu amalimiz u zotning shafoatlariga sabab bo‘lib qolsa, degan umiddadir.

Ulug‘larimizdan Abdurahmon rahmatullohi alayh qurbonlik kuniga alohida tayyorgarlik ko‘rib, u kunda yetmishtaga yaqin qurbonlik qilar edilar. Ulardan birini Nabiy sollallohu alayhi vasallamga, boshqalarini ota-ona, ustozlari nomidan qurbonlik qilar edilar. Vaholanki, u kishini xonadonida ba’zan yo‘qchilikdan qozonlari qaynamay ham qolar edi.

Savol: O‘lgan odam tarafidan qurbonlik qilsa qanday amalga oshiradi?

Javob: O‘lgan odam tarafidan va o‘lgan odam uchun qurbonlik qilishning bir necha surati bor.

  1. Mayyit: «Mening tarafimdan, mening molimdan qurbonlik qilinglar», deb vasiyat qilgan bo‘lsa va uning vasiyatiga muvofiq uning molidan qilingan bo‘lsa joiz. Lekin o‘sha jonliqning go‘shtini barchasini zakot olishga haqdor bo‘lgan shaxslarga sadaqa qilish vojib bo‘ladi. Marhumning yaqinlari o‘sha go‘shtdan yeyishi joiz emas.
  2. Marhum ortidan qurbonlik qilishni vasiyat qilgan bo‘lsa yoki vasiyat qilmagan bo‘lsa va farzandlari o‘z mollaridan nafl qurbonlik qilishgan bo‘lsa durust bo‘ladi. Uning go‘shtini boy kambag‘al va o‘zlari ham yeyishlari mumkin.
  3. Bir kishi o‘zining molidan va o‘z tarafidan nafl qurbonlik qilib, uning savobini bir yoki bir necha mayyitga bag‘ishlashi joiz. Go‘shtidan esa boy ham, kambag‘al ham yesa bo‘ladi.

Savol: Mayyit tarafidan qurbonlik qilish afzalmi yoki uning qiymatini sadaqa qilish afzalmi?

Javob: Qurbonlik kunlarida qiymatni sadaqa qilgandan ko‘ra, qurbonlik qilib savobini bag‘ishlash afzaldir. Qurbonlik sotib olib, uning qonini to‘kishdan hosil bo‘lgan savob qiymatini sadaqa qilish bilan hosil bo‘lmaydi.

Manba: muslimaat.uz

Kiritildi: 15:47 20.08.2018. O'qildi: 7162 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!