«Daryo» muxbiriga o‘zini «Prezident apparatidan», — deb tanishtirgan xodim bosim o‘tkazishga urindi va jurnalistik materialini o‘chirib tashlashni talab qildi.
«Daryo» internet nashrining Samarqand viloyatidagi muxbiri Farhod Norbo‘tayevga qo‘ng‘iroq qilgan Nishonboy Abduvoitov o‘zini «Prezident apparati xodimi», deb tanishtirgan va muxbirdan tayyorlagan materialini saytdan o‘chirib tashlashini talab qilgan.
Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida ta’kidlash lozimki, «Daryo»da Farhod Norbo‘tayev muallifligida Samarqandda qiziga tegajog‘lik qilgan shaxsni urib o‘ldirgan ota 17 yilga qamalgani xususida xabar berilgandi.
Muxbir bilan telefon orqali muloqot qilgan Nishonboy Abduvoitov muxbirdan tayyorlagan xabaridagi ma’lumotni qayerdan olganini so‘raydi. Ma’lumot sud tomonidan taqdim etilganligini eshitgach, «Nega sud beradi, sababi bormi?» – deya savol beradi. Hamda ma’lumot yolg‘on ekanligini, xabarni tezda o‘chirish lozimligini buyuradi
2007 yil 15 yanvar kuni qabul qilingan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonunning 7-moddasida senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi haqida so‘z yuritiladi. Unda shunday deyiladi: «O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E’lon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqi yo‘q».
O‘zini Prezident apparati xodimi deya tanishtirgan Nishonboy Abduvoitov sud chiqargan hukm adolatli ekanligiga ham ishonmagan.
— Sud vaziyatni ocholmagan-ku, — deydi Nishonboy Abduvoitov.
Xabarni o‘chirib tashlashni talab qilgan xodim axborot manbai bilan ham qiziqqan va muxbirdan ma’lumotni taqdim etgan odam kimligini aytishini so‘ragan. Holbuki yuqorida tilga olingan Qonuning 33-moddasida «Axborot manbaini oshkor etmaslik» haqida so‘z boradi. Jumladan: «Tahririyat o‘z nomini oshkor etmaslik sharti bilan berilgan axborot, ma’lumotlar, faktlar yoki dalillar manbaining nomini, shuningdek taxallusini qo‘ygan muallifning nomini ularning yozma roziligisiz oshkor etishga haqli emas».
Sayt hududiy bo‘limi muharriri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Nishonboy Abduvoitov bilan muloqot qildi. Haqiqatdan ham o‘zini Prezident apparati xodimi deya tanishtirgan Abduvoitov aynan kim bo‘lib ishlashi haqidagi savolga «Internet saytlari bo‘yicha ishlayman», - deya javob berdi. Va muxbirdan xabarni o‘chirib tashlashini talab qilganini tan oldi.
Nishonboy Abduvoitov bilan suhbatdan anglashilishicha, qotil otaning qiziga tegajog‘lik qilgan marhum Abduvoitovning qarindoshi.
Nishonboy Abduvoitov suhbat so‘ngida sayt sud tomonidan taqdim etilgan ma’lumotni olib chiqishini to‘g‘ri tushunishini, bunga e’tirozi yo‘qligini bildirar ekan, yana bir bor xabarni o‘chirib tashlashni so‘radi.