Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi xorijiy razvedka xizmatlari mamlakat suv hududlarini kuzatish uchun maxsus sensorlar o‘rnatilgan hayvonlardan foydalanayotganini ma’lum qildi.
Vazirlik Xitoyning WeChat platformasida e’lon qilgan bayonotida Xitoy atrofidagi dengizlarda ko‘rinmas maxfiy urush ketayotganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, xorijiy tashkilotlar turli zamonaviy kuzatuv qurilmalari yordamida maxfiy ma’lumotlarni yig‘ib, suv osti xaritalarini yaratmoqda. Rasmiylarning fikricha, bu mamlakat milliy xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘diradi.
Bayonotda aytilishicha, josuslik faoliyatida yirik dengiz hayvonlari, jumladan, “josus toshbaqalar” va “josus baliqlar” ham qo‘llanilmoqda. Xitoy tomonining iddao qilishicha, bu hayvonlar mamlakat suv hududlarida suzib yurgan paytda ularga maxsus sensorlar biriktirilgan holda aniqlangan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qurilmalar suv harorati, sho‘rlanish darajasi va okean oqimlari kabi dengiz muhitiga oid nozik ma’lumotlarni real vaqt rejimida yig‘ib, sun’iy yo‘ldosh orqali xorijga uzatgan.
Shu bilan birga, rasmiylar bunday hayvonlar qayerda topilgani yoki ularga sensorlarni aynan qaysi davlat yoki tashkilot o‘rnatgani haqida aniq ma’lumot bermagan.
Bundan tashqari, rasmiylar to‘lqin harakati va quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan yangi turdagi qurilmalar haqida ham gapirgan. Ularning ta’kidlashicha, xorijiy kuchlar ushbu avtonom qurilmalar orqali harbiy ahamiyatga ega dengiz ma’lumotlari hamda kemalar harakati haqidagi axborotlarni uzatmoqda.
Xitoy ommaviy axborot vositalarining yozishicha, mamlakat hukumati suv hududlarida josuslik qurilmalarini aniqlagan baliqchilarga 50 ming yuandan 500 ming yuangacha mukofot puli to‘laydi.