Kecha Stokholm shahrida O‘zbekiston favqulodda va muxtor elchisi Nodir G‘aniyevning Shvesiya qiroliga ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.
«Dunyo» xabariga ko‘ra, rasmiy tadbir doirasida elchining Shvesiya qiroli bilan suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi.
Muloqot yakunida Shvesiya qiroli elchini lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va uning faoliyati O‘zbekiston-Shvesiya ko‘p tomonlama munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Nodir G‘aniyev 2022 yildan buyon O‘zbekistonning yangi elchixonasini muvaqqat ishlar vakili sifatida boshqarib kelayotgan edi. 2023 yil oktyabr oyida esa u favqulodda va muxtor elchi etib tayinlandi. Diplomat 52 yoshda. U Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. 1994 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib, markaziy apparat va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.
Shvesiyaga jo‘nab ketishidan oldin TIVning Yevropa davlatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.
O‘zbekistoning Stokholmdagi diplomatik vakolatxonasi xorijiy davlatlardagi 36-elchixonasi bo‘ldi.