Ma’lumki, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari SH.M.Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiq, konstruktiv va amaliy tashqi siyosat natijasida O‘zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatiga a’zo davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini o‘ziga xos tarzda mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi. Davlatimizning tashqi siyosiy strategiyasida xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan ikki va ko‘p tomonlama tashqi siyosat olib borish barqarorlik va rivojlanish omili sifatida qaraldi. Shu bois, O‘zbekiston xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bilan birga, ko‘plab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning a’zosi bo‘ldi.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston uchun Yevroosiyoda o‘zining munosib o‘rnini topib borayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etdi. Kuni kecha, ya’ni 15 iyun kuni tashkil etilganligining 20 yilligini munosib nishonlagan mazkur tashkilot bugungi kunda xalqaro maydonda to‘laqonli va nufuzli xalqaro tashkilot sifatida o‘zini namoyon qila oldi. SHHT Osiyoning Hindiston va Pokiston kabi yirik davlatlari hisobidan kengayishi natijasida dunyoning eng yirik mintaqaviy tashkilotga aylandi. Bugungi kunda u dunyo aholisining qariyb yarmiga (3 mlrd. kishidan ziyod) va Yevroosiyo hududining 60 %dan ko‘prog‘iga to‘g‘ri keladigan makonni o‘z ichiga qamrab olgan.
Bugungi kunga kelib, SHHTning tobora yuksalib borayotgan mavqeini bir qator omillar bilan bog‘lash mumkin:
- xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tashkilotning bosh maqsadi va muhim tamoyillaridan biri bo‘lib, u bugungi kunda o‘z ahamiyatiga ko‘ra insoniyat oldida turgan dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda;
- SHHT tashkilot sifatida o‘zini a’zo davlatlarning teng huquqli birlashmasi sifatida namoyon qilgan bo‘lib, uning faoliyati boshqa davlatlarning manfaatlariga zid emasligi hamda blokli qarama-qarshilik xususiyatiga ega emasligi bilan ajralib turadi;
- tashkilot doirasida a’zo davlatlar uchun ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalarda keng ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘p qirrali hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi shakllantirilmoqda.
Tashkilotning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, diniy ekstremizm, terrorizm, seperatizm, narkobiznes kabi taxdidlarga qarshi kurashda Toshkent shahrida joylashgan SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) faoliyati misol bo‘la oladi. Tuzilmaning aynan poytaxtimizda tashkil etilgani, O‘zbekistonni SHHTning faol a’zosiga aylangani va uning oldiga qo‘ygan maqsadini amalga oshirishda yetakchi davlatlardan biri sifatida maydonga chiqayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunga kelib, SHHT faoliyati rivojida yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rish mumkin. Savdo-iqtisodiy aloqalarning keskin pasayishi, ishlab chiqarishning qisqarishi, ishsizlik sonining ortishiga sabab bo‘lgan pandemiya davlatimizning taraqqiyot dinamikasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, dunyoning ayrim mintaqalarida harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashib, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar kuchaymoqda. Mavjud muammolarni yaxshi qo‘shnichilik, tenglik, o‘zaro ishonch va manfaatlar hamohangligini ta’minlash orqali bartaraf etish mumkin.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyev 2020 yil 10 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan navbatdagi majlisida nutq so‘zlagan chog‘ida Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘z taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turganini alohida ta’kidlagan. Shuningdek, davlat rahbarimiz yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqlilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish an’analarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan holda, “Umumiy qadriyatimiz, birgalikda rivojlanishga intilishimiz, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmatimiz ifodasi bo‘lgan ko‘p tomonlama hamkorlikning noyob tajribasi – “Shanxay ruhi”ni mustahkamlash bugun har qachongidan muhim” ekanini e’tirof etgan.
O‘zbekiston Respublikasi pozisiyasiga ko‘ra, bugungi kunda SHHT oldida bir qator yechimini kutayotgan vazifalar mavjud. Ular orasida iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish alohida e’tiborga molik masala sifatida kun tartibidan o‘rin egallaydi. Zero, shu yo‘l bilan savdo-iqtiodiy munosabatlarni mustahkamlashga erishish va mavjud vaziyatda davlatlarning farovon taraqqiyotiga erishish mumkin. Bunda, o‘zaro savdo munosabatlaridagi mavjud to‘siqlarni batraraf etish, bojxona faoliyatini muvofiqlashtirish va raqamlashtirish, davlatlararo elektron tijoratni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro investisiyalarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan inqirozga qarshi qo‘shma dasturlarni amaliyotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.
Jahon hamjamiyatini larzaga solgan pandemiya sharoitida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortdi. Shu munosabat bilan, SHHT doirasida aholi orasida kompyuter savodxonligini oshirish hamda mazkur sohada yetakchi mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan dasturlarni ishlab chiqish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan mavjud sharoitdan kelib chiqib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va qashshoqlikni qisqartirish borasidagi sa’y-harakatlarni o‘zaro muvofiqlashtirib borish taklifi ilgari surilmoqda. Mavjud muammoni bartaraf etish samaradorligini oshirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining muttasil uchrashuvlarini tashkil etib borish maqsadga muvofiq. Shu maqsadda, SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik dasturi va ularni amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish lozim.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan (Ostona, Sindao va Bishkek sammitlari kabi oliy darajadagi uchrashuvlar doirasi)da SHHT faoliyati samaradorligini oshirish borasida bir qator samarali sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M. Mirziyoyevning tashkilot doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, logistika va innovasiyalar kabi sohalardagi hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslari alohida ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada olib borilayotgan siyosat natijasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bunga, Toshkentda SHHTning Xalqaro diplomatiya markazining tashkil etilganligi, Samarqand shahrida "Ipak yo‘li" xalqaro turizm universitetining tashkil etilishi, SHHTga a’zo davlatlarning ilmiy tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida amaliy tadbirlar rejasining qabul qilinganligi hamda SHHTga a’zo davlatlarning raqamlashtirish va axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida hamkorlik konsepsiyasi qabul qilinganligi bilan bog‘liq sa’y-harakatlarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Ayni paytda, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar rahbarlarining 2022 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari ham boshlab yuborilgan.
O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining ildam rivojiga salmoqli hissasini qo‘shgan holda, uning tashkil etilishiga tamal toshini qo‘ygan davlatlardan biridir. Jahonda yuz berayotgan tahlikali vaziyatni hisobga olgan holda, davlatimiz oldi o‘z oldiga SHHT faoliyatini yangi mazmun-mohiyat bilan boyitish, xususan transport-tranzit yo‘laklarini yaratish, innovasion va raqamli taraqqiyot, iqtisodiy o‘sishning yangi yo‘nalishlarini belgilash, iqlim o‘zgarishlari va ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurash borasidagi tashabbuslarni hayotga tatbiq etish kabi vazifalarni qo‘ygan bo‘lib, ularning amaliy natijasi tashkilotning kelgusi mavqeini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
D.I.Madaminova, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining “Sharq mamlakatlari siyosati va xalqaro munosabatlar” kafedrasi mudiri, s.f.n., dos.