Bugun 22 noyabr, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yana rekordni yangiladi

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yana rekordni yangiladi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1 sentyabr holatiga 39,15 mlrd. dollarni (+4,7 foiz) tashkil etib, avgust oyi davomida 1,75 mlrd. dollarga oshgan.

Bu statistika yuritilgan butun davr uchun navbatdagi rekord ko‘rsatkichdir.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyda xorijiy valyutadagi zaxiralar 503,1 mln. dollarga – 7,69 mlrd. dollardan 8,19 mlrd. dollargacha oshgan (iyun-iyul oylarida oltin sotib olish hisobiga 1,58 mlrd. dollarga kamayish kuzatilgan).

Shunga qaramay, yil boshidan buyon (yanvar-avgust) valyuta zaxiralari 1,18 milliard dollarga qisqardi, shu jumladan, 2019 yilda mamlakat chiqargan 500 million dollarlik suveren yevroobligasiyalar bo‘yicha qarzni to‘lash hisobiga.

Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi iyun-iyul oylaridagi o‘sishdan so‘ng (18,94 tonna) 10 ming troya unsiyaga (311 kg.) kamayib, 12,04 million troya unsiyani (371,7 tonna) tashkil etdi.

Shunga qaramay, oltin zaxirasining qiymati yana 1,24 milliard dollarga – 29,16 milliard dollardan 30,4 milliard dollargacha oshdi. Bu 2013 yildan beri statistika yuritilgan barcha vaqtlar uchun rekorddir. Buning sababi: avgust oyida oltin kotirovkasi bir unsiya uchun 2446,28 dollardan 2502,77 dollarga (+2,3 foiz) ko‘tarildi.

Umuman olganda, yil boshidan buyon Markaziy bankning oltin zaxiralari qiymati 5,77 mlrd. dollarga oshdi.

Zaxiralarda, shuningdek, 35,48 million dollarlik AQSh g‘azna obligasiyalari ham mavjud. Ilgari Markaziy bank oltin-valyuta zaxiralarini diversifikasiya qilishga kirishgani va chet el davlatlarining qimmatli qog‘ozlarini xarid qila boshlaganini ma’lum qilgandi.

Zaxiralarning o‘sishiga qaramay, u 12 oylik importni qoplashga yetadi (ilgari 20 oy edi).

Shuni ta’kidlash lozimki, Markaziy bank o‘z zaxiralarida amalda davlat byudjetining bir qismiga aylangan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini ham ko‘rsatadi. Bu jamg‘armaning hajmi oshkor qilinmaydi. S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi ilgari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini Markaziy bank zaxiralaridan chiqarib tashlayotganini ma’lum qilgandi. Chunki jamg‘arma mablag‘lari asosan pul-kredit yoki to‘lov ehtiyojlari uchun emas, balki fiskal maqsadlar uchun mo‘ljallangan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, oltin narxining tushishi kutilayotgani va joriy hisob raqamining taqchilligi davom etayotgani sababli O‘zbekistonning foydalanish mumkin bo‘lgan valyuta zaxiralari 2027 yilgacha qisqaradi. Markaziy bankning monetar oltin zaxiralari oltin-valyuta zaxiralari umumiy hajmining 80 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Markaziy bank O‘zbekistonda qazib olinayotgan oltinni sotib olishda ustuvor huquqqa ega. U oltinni mahalliy valyutada sotib oladi, keyin esa intervensiyasining o‘zbek so‘miga ta’sirini qoplash uchun dollarni mahalliy bozorda sotadi.

Kiritildi: 19:12 09.09.2024. O'qildi: 4542 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!