Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekistonning eng yosh kimyogari yangi elementga Shavkat Mirziyoyev nomini bermoqchi (foto)

O‘zbekistonning eng yosh kimyogari yangi elementga Shavkat Mirziyoyev nomini bermoqchi (foto)

Sirdaryo viloyati Yoshlar ittifoqi yetakchisi Mehribon Xolbekova Bolajon shou ko‘rsatuvida ishtirok etgan kimyo fani bilimdonlari 7 yoshli Zafarjon va 5 yoshli Zeboxonlar bilan suhbatlashdi. Quyida ushbu suhbat e’tiboringizga havola etiladi.

Ko‘rsatuvda ishtirok etgan professor kimyogar olim Tuyg‘un Boboyev ham sizning iqtidoringiz haqida Bu- tabiat mo‘’jizasi deb ta’kidlab o‘tdi. Zeboxon tomonidan esa butun dunyodagi barcha 172 ta nobelchi kimyogar olimlarning ism-familiyalari nomma-nom, yilma yil yoddan jaranglaganligi barchamizni hayratga soldi. Bunga qanday erishdingiz?

Bizning kimyo faniga bu darajada mehir quyishimizda ota-onamning hissasi juda katta. Ayniqsa, oyijonim har bitta kimyoviy elementni tabiat bilan bog‘lab, asta sekin butun davriy jadvalni sabr bilan o‘qitganlar. Bundan tashqari, uyda matematika, rus tili, ingliz tili, tarix fanlarini maktabgacha oyijonim o‘zi o‘qitdi. Ilk ta’limni oyimdan o‘rgandik. Dadajonim matematika, neft va gaz sohasiga mehr qo‘yishimga sabab bo‘ldi. Singlim Zeboxonga kimyoviy elementlarni deyarli o‘zim o‘rgatganman. To‘rt yoshligimda dadajonim bizga doska olib kelib bergandi barcha kimyoviy elementlarni mana shu doskada yozib o‘rganganman.

Zafarjon oyijoningiz boya suhbat davomida aytib o‘tdi sizlarni Rossiyaga, Maksim Galkinning Luchshe vsex ko‘rsatuviga taklif qilinganligingiz va hanuz Moskvada sizlarni kutishayotganligi haqida gapirib bersangiz?

To‘g‘ri, 2017 yil qish oylarida bizni oilaviy Moskvaga taklif qilishdi. Ammo Moskvada qish juda sovuq kelganligini hisobga olib ota-onam bizni ayashdi. Chunki singlim Zeboxon atigi to‘rt yosh edi. Shu sababli Moskvaga safarimiz kechiktirildi. Xudo xoxlasa, albatta Moskvaga borish rejamizda bor, Mendellev muzeyini o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman. Hatto rus jurnalisti, kasting-menejeri Skype da biz bilan kasting o‘tkazib ko‘rdi va meni Mendeleev-mladshiy deb ataganligidan xursand bo‘lib ketdim. Singlim Zeboxonni esa Mladshaya-Mariya Kyuri deb ataganliklari biz uchun juda yoqimli bo‘ldi.

Zafarjon qanday orzularingiz bor?

Eng buyuk orzuim xalqaro Nobel mukofotini qo‘lga kiritish va muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyov nomiga yangi kimyoviy element yaratmoqchiman. Bu yangi element SHM shaklida bo‘ladi. Chunki kimyoviy elementlarni nomlanishida ma’lum bir an’ana mavjud, ya’ni element formulasi uchun birinchi yoki ikkinchi harflar olinadi. Bundan tashqari elementga nom berish huquqi muallifda bo‘ladi. Shu huquqimdan foydalanmoqchiman.

Nega aynan Shavkat Mirziyov nomiga yangi kimyoviy element yaratmoqchisiz?

Bilasizmi, Prezident bobojonim o‘zbek ilmida katta burilish qildilar. Bu davrni Ikkinchi o‘zbek renessans davri desak hech xato qilmagan bo‘lamiz. Chunki ilm-fan bilan ishlab chiqarishni bir-biriga yaqinlashtirish zarur ekanligini, davlatimizga innovasiyalar suv havodek kerak ekanligini aytib o‘tdilar. Shu sababli shu qarorga keldim.

Bugungi kunda yana qanday ilmiy g‘oyalaringiz bilan o‘rtoqlashgan bo‘lardingiz?

Masalan, so‘nggi kimyoviy elementlarni yaratgan yaponiyalik olimlarga kichik e’tirozim bor. Agar xabaringiz bo‘lsa, yapon olimlari xuddi shu elementlar uchun Nobel mukofotini olishdi. Bu elementlar tabiatda uchramaydi, ya’ni sun’iy elementlar. Ammo ular yaratgan 3 ta kimyoviy elementning (Uut, Uup, Uus) nisbiy atom massasi ko‘rsatilmagan. Vaholanki kimyoviy element sifatida tan olinadigan elementning albatta atom massasi ko‘rsatilishi lozim. Mening nazarimda, hech bo‘lmaganda qandaydir o‘zgaruvchanlik belgisi sifatida biror belgi-ko‘rsatkich element tepasida ko‘rsatilishi shart. Masalan, agar bu element muqobil bo‘lmay o‘zgaruvchanlik xossasiga ega bo‘lsa, ingliz tilidagi change-o‘zgarmoq so‘zidagi ch harfi bilan ko‘rsatilsa to‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylayman. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Bundan tashqari neft va gaz sohasini rivojlantirishni maqsad qilganman. Masalan, O‘zbekistonda gazni boshqa foydali maqsadlarda ishlatib, elekrt energiyani tejash maqsadida, Quyoshdan elektr energiya ishlab chiqarish uchun kremniy zavodi qurilishi kerak. D.I.Mendeleev aytganidek, Neftni yoqish ayb, gazni yoqib yuborish esa jinoyat . Bizdan keyingi avlodlarga ham yer osti boyliklarini meros qoldirish kerak va zarur. Yoqilg‘isiz ijtimoiy hayotimizni tasavvur qilolmaymiz.

Zafarjon eshitimizga qaraganda, butun dunyodagi neft va gaz konlarini yoddan bilar ekansiz va qaysi davlatlarda qancha miqdorda neft zahiralarini ham hisob-kitobini aniq ayta olar ekansiz. Neftga qaysi mamlakatlar boy?

Bu haqida soatlab gapirishim mumkin. Qisqa qilib aytsam, Rossiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Eron va Jazoir neftga boy. Ayniqsa Rossiyadagi har bitta neft konini Rossiya xaritasidan nomma-nom yodlab o‘rganib chiqqanman. Va Rossiya davlatini kelajakda O‘zbekiston uchun eng ishonchli sherik deb hisoblayman. Geologiya sohasiga ham qiziqaman, shu sababli qimmatbaho toshlarni qayta ishlashni, masalan, olmos, oltin, zumrad, mis, kumushdan zargarlik sohasini ham rivojlantirish mumkin.

Zeboxon sizning kelajakda qanday orzularingiz bor?

Men kelajakda polshalik nobelchi olima Mariya Kyuri Skladovskaya va o‘zbek akademik olimasi Sayyora Rashidovaga o‘xshagan buyuk olima bo‘lmoqchiman.

Ofarin Zeboxon! Nega aynan bu olimalarga o‘xshamoqchisiz?

Chunki Mariya Kyuri Skladovskaya va Sayyora opa Rashidova nafaqat o‘z davlatiga balki butun dunyoda ximiya va fizika rivojlantirishga o‘z xissasini qo‘shishdi va butun dunyoga qilgan kashfiyotlari foyda keltirdi. Men ham davlatimga kerakli va foyda keltiradigan inson bo‘lishni istayman. Men yaratgan kashfiyotlardan butun dunyodagi odamlar foydalanishi kerak.

Zafarjon, Zeboxon xalqaro Nobel mukofotini olishingiz uchun eng muhim narsa nima deb o‘ylaysiz?

Menimcha, ishonch bo‘lsa kerak. Muhtaram yurtboshimiz va o‘zbek xalqi menga va singlimga ishonch bildirishsa, biz, albatta, shu ishni amalga oshiramiz. Chunki ota-onam har doim aytadilar, ishonch bo‘lmagan joyda hech qachon rivojlanish bo‘lmaydi.

Zeboxon har bitta Nobel mukofoti sovrindorini ism famaliyasidan tashqari 172 olimning qilgan ilmiy kashfiyotini hattoki rus tilida tushuntirib bera oladi. Masalan, Zeboxon aytgan, Krielektronnaya mikroskopiya , Osmoticheskoye davleniye , Zakoni ximicheskoy dinamiki , Kristallizasiya fermentov , Elektrolicheskaya dissosiasiya va boshqa yuzlab kimyoviy atamalar qanchalik talaffuzi qiyin va eslab qolish murakkab bo‘lgan terminlardir. Hali bu bolajonlar katta bir ustoz ko‘rmasada shunday katta natijalarga erishishgan agar ularga davlatimiz tomonidan sharoit yaratilsa va e’tibor qaratilsa ular albatta davlatimiz ishonchini oqlashadi. Suhbat so‘nggida har ikki jajji kimyogar olim bolajonlarga omad tilab qolamiz.

Manba: daryo.uz

Kiritildi: 16:39 04.01.2019. O'qildi: 4038 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!