Saida Mirziyoyeva Yuta shtatining (AQSh) Devid Bednar boshchiligidagi biznes delegasiyasi bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston – AQSh munosabatlari rivojida yangi bosqich boshlangani ta’kidlandi.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSh fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etish to‘g‘risidagi qarori ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni kengaytirishda muhim qadam bo‘lishi qayd etildi.
"Endilikda Prezident farmoni bilan Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investisiya kengashi tashkil etilib, uni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi tuzilmasida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, ushbu farmon asosida O‘zbekiston rezidentlari O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlaridan mablag‘larni AQShda korxonalar tashkil etish, ularning kapitalida ishtirok etish yoki filiallarini mablag‘ bilan to‘ldirish uchun erkin o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi", deb yozadi Saida Mirziyoyeva.
Bu tadbirkorlarimizning tashqi iqtisodiy faolligini rivojlantirish, AQSh bilan investisiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonning ochiq, zamonaviy iqtisodiyot sifatidagi yangi imijini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.