2026 yil yanvar–mart oylarida 45,2 ming nafar fuqaro uyiga o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tarmog‘iga sotib, subsidiya oldi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, jami to‘lovlar 73,98 mlrd so‘mni tashkil etdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 9 barobar ko‘p.
«Quyoshli uy» dasturi ishtirokchilari soni ham keskin oshgan: bir yil ichida 3,5 barobarga ko‘paygan. Eng ko‘p to‘lov mart oyida qayd etildi — 44,7 ming nafar fuqaro subsidiya olgan.
Hududlar kesimida yetakchi — Buxoro viloyati (16,53 mlrd so‘m).
Dasturga ko‘ra, aholi o‘z ehtiyojidan ortiq ishlab chiqargan har 1 kVt⋅soat elektr uchun 1000 so‘mdan pul oladi.
Umuman, 2025 yil davomida 45,3 ming kishi 209,2 mlrd so‘m subsidiya olgan edi. Hozirgi o‘sish sur’ati esa bu sohadagi qiziqish keskin ortib borayotganini ko‘rsatyapti.