Bugun 27 dekabr, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 2027 yilda 20 mlrd. dollargacha yetishi mumkin

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 2027 yilda 20 mlrd. dollargacha yetishi mumkin

Markaziy bank tomonidan “Pul-kredit siyosatining 2025 yil va 2026-2027 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari”ning dastlabki konseptual loyihasi e’lon qilindi.

Joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti pul-kredit siyosatining 2024 yil va 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarining bazaviy ssenariysi doirasida kutilganidan biroz yuqoriroq sur’atlarda o‘sishda davom etmoqda. Aholi daromadlarining o‘sishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarning yuqoriligi ichki talabni shuningdek, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘lmoqda.

Asosiy ssenariy prognozlari ichki va tashqi sharoitlar joriy holatlarda saqlanib qolishi va davom etishi xususan, global inflyasiya pasayib borishi, jahonda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining ijobiy va xomashyo narxlarining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishi, ichki talabning oshib borishi hamda islohotlarning faol davom ettirilishi shartlari asosida amalga oshirildi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysiga ko‘ra, YAIMning real o‘sishi qat’iy pul-kredit sharoitlari va fiskal konsolidasiya ta’sirida 2025 yilda 5,5-6 foiz, 2026 yilda 5,5-6,5 foiz, 2027 yilda esa 6-6,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining ta’minlanishi hisobiga iste’mol talabi normallashuvi va inflyasiyaning 2025 yilda 6-7 foizgacha pasayishi, 2026-2027 yillarda 5 foizlik targetiga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda. 2026 yilning ikkinchi yarmida inflyasiyaning target ko‘rsatkichiga yetishi pul-kredit sharoitlarini ma’lum darajada yumshatib borish va bosqichma-bosqich neytral fazaga o‘tkazish imkonini beradi.

Muqobil ssenariyda iqtisodiy faollikning ma’lum darajada pasayishi va qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlab qolinishi fonida umumiy inflyasiya 2025 yilda 7-8 foizga, 2026 yilda 6 foizga yaqin bo‘lishi va 2027 yilning birinchi yarmida 5 foizlik targetgacha pasayishi kutilmoqda. Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy va muqobil ssenariylariga qo‘shimcha ravishda inflyasiyani oshiruvchi xatarlarning ortishiga asoslangan xatarli ssenariy ham ko‘rib chiqildi va bunday sharoitda inflyasiyani pasaytirishga qaratilgan pul-kredit siyosati choralari tahlil qilindi.

Mazkur xatarlar ta’sirida umumiy inflyasiya 2025 yilda 8-9 foiz, 2026 yilda 7-8 foiz atrofida shakllanishi va 5 foizlik targetga 2027 yilning oxirida yetishi kutilmoqda.

Bunda, targetga yetish ehtimoli pul-kredit siyosatida ko‘riladigan choralar ta’sirchanligiga ham bog‘liq bo‘lib, yanada qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashni taqozo etadi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning har qanday ssenariysi sharoitida ham pul-kredit siyosati choralari Markaziy bankning asosiy maqsadi bo‘lgan narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilib, inflyasiyani 5 foizlik targetigacha pasaytirish va ushbu darajada barqaror shakllanishiga yo‘naltiriladi.

2024 yil yanvar-sentyabr oylari yakuniga ko‘ra, sanoat, qurilish tarmoqlari va xizmatlar sohalarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish kuzatildi. Jumladan, real o‘sish darajasi qurilishda – 9,1 foizni, sanoatda – 7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, xizmatlarda – 12,8 foizga teng bo‘ldi.

Yalpi talabni qo‘llab-quvvatlash investision faollik, xususan, ushbu jarayonlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kafolatlanmagan xorijiy kreditlar (real o‘sishi – 62,1 foiz) muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ta’lim, tashish va saqlash, axborot va aloqa xizmatlari hamda uy-joy qurilishiga yo‘naltirilgan mablag‘larning jami investisiyalardagi ulushi kamayganiga qaramasdan, xizmatlar va qurilish sohasiga yo‘naltirilayotgan investisiyalarda yuqori o‘sish sur’atlari davom etdi.

2024 yilning yanvar-sentyabr oylarida savdo va pullik, xizmatlardan tushumlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32,1 foizga oshdi va barcha oylarda ijobiy o‘zgarish ko‘rsatkichlari qayd etildi. 2024 yilning 9 oyida turar-joy ko‘chmas mulk bozoridagi narxlarning oylik o‘sish sur’atlari sekinlashib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pastroq shakllandi. Yuqori narx effektining saqlanib qolayotganligi ta’sirida ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari o‘sishi sentyabr oyida so‘m indeksida 15,5 foizni (o‘tgan yilning mos davrida 32,8 foiz) tashkil etdi. 2024 yilning iyul oyiga kelib bo‘sh ish o‘rinlari soni kamayganiga qaramasdan, avgust va sentyabr oylarida taklifning biroz yaxshilanib borayotganligi kuzatilmoqda. Bunda asosan, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish sohalarida e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni qolgan sohalarga nisbatan sezilarli darajada yuqori saqlanib qolmoqda.

Joriy yilning III choragida ham byudjet xarajatlari va daromadlari o‘zgarish dinamikasida sezilarli tafovut saqlanib qoldi. Konsolidasiyalashgan davlat byudjeti taqchilligi I chorakda YAIMga nisbatan 10 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich II chorakda sezilarli qisqarib 4 foizgacha pasaydi. Bu asosan O‘TTJ va byudjetdan tashqari jamg‘armalarga ajratmalar hamda iqtisodiy xarajatlarning qisqarishi va YAIMning yuqori o‘sishi bilan bog‘liq.

2024 yilning birinchi yarmida byudjet xarajatlarining o‘sish sur’ati daromadlar o‘sishidan yuqoriroq shakllandi. Jumladan, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan joriy yilning birinchi choragida daromadlar 11 foizga va xarajatlar 22 foizga o‘sgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkichlar orasidagi nomutanosiblik ikkinchi chorakka kelib qisqardi va daromadlar 8 foizga, xarajatlar esa 5 foizga o‘sdi.

Shuningdek, asosiy ssenariy bo‘yicha, joriy yilda pul o‘tkazmalari hajmining 25-30 foiz atrofida (14,5-15,0 mlrd. dollar) o‘sishi, 2025-2027 yillarda esa fundamental trend doirasida yillik 10-15 foizga oshib borishi prognoz qilinmoqda.

Migrasiya oqimida davlatlar diversifikasiyasining kuchayib borishi davom etadi. Bunda, yuqori daromadli davlatlar ulushi ortishi hisobiga ushbu davlatlardan pul o‘tkazmalari hajmi o‘sishi kutilmoqda.

Kiritildi: 11:41 07.11.2024. O'qildi: 561 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!