Bugun 20 may, 2024 yil, dushanba

КИР

O‘zbekistondagi "soqolga qarshi reydlar" muhokama qilindi

O‘zbekistondagi "soqolga qarshi reydlar" muhokama qilindi

Osiyo-Tinch okeani hududida siyosat, jamiyat va madaniyat haqida tahlillar berib boruvchi xalqaro The Diplomat internet-jurnalida "Din, soqol va O‘zbekistonning dunyoviy hukumati" deb nomlangan maqola e’lon qilindi. 

Maqola muallifi — Umida Hoshimova CNA (Channel News Asia) strategik tadqiqotlar bo‘limining ilmiy tadqiqotchisi. Yevrosiyo mintaqasida loyihalarni boshqarish va tadqiqotlar-tahlillar qilish sohasida sakkiz yillik tajribaga ega. Markaziy Osiyodagi hozirgi holat bo‘yicha mutaxassis va Jeymstaun jamg‘armasiga qarashli Eurasia Daily nashrida doimiy mualliflardan biri.

Maqolani Sof.uz tarjimasida e’tiboringizga havola qilamiz.

"So‘nggi kunlardagi soqolga qarshi reydlar manzarasida O‘zbekiston prezidenti yangi tayinlovlar va siyosiy o‘zgarishlarni amalga oshirdi.

Diniy masalalar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoda bahsli mavzu sanaladi. O‘zbekiston hukumatining dunyoviy boshqaruvni saqlab qolish barobarida mintaqa uchun noan’anaviy deya ko‘riladigan ba’zi islomiy ko‘rinishlarni nazorat qilishga urinishi juda g‘alati vaziyatlarni keltirib chiqaryapti.

Oxirgi shunday voqea 23 avgust kuni milisiya Toshkentda yuzga yaqin kishining soqolini olishga majburlaganida yuz berdi. Huquq-tartibot idoralari soqol qo‘yishni Islomdagi "vahhobiylik" oqimi bilan bog‘laydi. Ushbu mojarodan keyin O‘zbekistonda diniy siyosatni belgilaydigan eng yuqori idora – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati ishdan ketkazildi. Garchi bu o‘zgarish soqolni majburan oldirish amaliyotiga bog‘lanmayotgan bo‘lsa-da, mamlakat rahbari ushbu voqeaga noxush munosabatda bo‘lganini ko‘rsatadi.

Soqolni majburlab oldirish amaliyoti haqida birinchi bo‘lib bloger va diniy kitoblar do‘koni egasi Jamoliddin Muhammad xabar qildi. U o‘zi bilan bo‘lgan voqeani batafsil bayon qilib, omma e’tiboriga tushdi. Uning tasvirlashicha, yuzga yaqin kishi milisiya bo‘limida ushlab turilgan, soqoli majburlab oldirilgan, keyin rasmga tushirilib, qo‘yib yuborilgan. Muhammadjon o‘zi bilan suhbatlashgan milisiya xodimidan nega bu yerda ushlab turilgani haqida so‘raganida u "tepadan buyruq bor" deya javob bergan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 58 kishilik ishchi-tarkibga ega. Bu qo‘mitaning asosiy vazifasi mamlakatda vijdon va diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash. Qo‘mita O‘zbekistonda diniy tashkilotlar tuzish va ularning faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beruvchi vakolatli organ sanaladi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning sobiq rahbari Jasur Akromov va uning o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan 31 avgust kuni o‘z ishini tark etdi. Ularning ikkisi ham qo‘mitada 2018 yil apreldan beri ishlab kelayotgan edi. Nuriymon Abulhasanning yangi ish joyi ma’lum: u endi “soqol olish tadbirlari”ga bevosita aloqador bo‘lgan Ichki ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i.

Milisiyaning 23 avgustdagi xatti-harakatidan ehtimolki bezovta bo‘lgan prezident Shavkat Mirziyoyev 6 sentyabr kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga yangi siyosatni ishlab chiqish topshirig‘ini berdi. Qo‘mitaga vijdon erkinligini ta’minlash bo‘yicha yangi siyosatni ishlab chiqish (bu yerda “diniy erkinlik” iborasi yo‘qligiga e’tibor bering) va boshqa hukumat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda diniy va ma’naviy muvozanatni o‘rnatish topshirildi. Shuningdek, ushbu qo‘mita zimmasiga vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi mavjud qoidalarga asoslangan holda diniy masalalar bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Soqol Markaziy Osiyoda qayta-qayta ziddiyatlarga sabab bo‘luvchi mavzulardan sanaladi. Bir yilcha avval O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov “soqol qo‘yish har kimning shaxsiy qarori va bu faqatgina mehnat shartnomasiga ko‘ra taqiqlanishi mumkin”ligini aytgandi. Boshqa tomondan, qariyb ayni o‘sha vaqtda Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar bosh boshqarmasi rahbari Rustam Jo‘rayev “soqol qo‘yib yurish qonunan taqiqlanmagan”ligini bildirib, ayni paytda “bu har bir oilada beriladigan tarbiyaga bog‘liq”ligini ta’kidlagandi.

Bunday qarama-qarshi fikrlar hukumat ichida bo‘linishlarga sabab bo‘ldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ bo‘lgan Ichki ishlar vazirligi odamlarning soqolini nazorat qilish va uni kuch bilan bo‘lsa ham oldirmoqchiligini ochiq namoyish qilyapti. Ayni paytda, Adliya vaziri singari shaxsning tashqi ko‘rinishi daxlsiz ekanligini ta’kidlovchi amaldorlar ham bor. Shu vaziyatda O‘zbekiston ichida ham, undan tashqarida ham Islomiy ta’lim olgan Nuriymon Abulhasanning Ichki ishlar vazirligidagi mas’ul lavozimga tayinlanishi milisiyaning mavqeini yumshatishga harakat bo‘lishi, ayni paytda prezidentning yangi buyrug‘i vijdon erkinligini ta’minlash va “vahhobiylarning diniy tafakkuri tarqalishini nazorat qilish”ga urinish bo‘lishi mumkin.

Soqolni majburlab oldirish voqeasi O‘zbekistonning joriy hukumati o‘tkazayotgan islohotlar siyosatiga soya soladi. Diniy erkinlik va vijdon erkinligi o‘zbek amaldorlari Qo‘shma Shtatlar yoki Yevropaga borganda tez-tez so‘raladigan mavzular sirasiga kiradi. O‘zbekiston hukumati mamlakatda sekulyarizmni saqlab qolishni istaydi, shu bilan birga jamiyatda konservativ diniy qarashlar ham o‘z ta’siriga ega. Shunga qaramay, kuch bilan majburlash va tahdid qilish usullari bu maqsadga erishish uchun to‘g‘ri yo‘l emas".

Kiritildi: 14:34 10.09.2019. O'qildi: 7549 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!