Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi dala va aholi punktlarida xazon, shox-shabbalar yoki o‘simliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yubormaslik to‘g‘risida ogohlantiradi.
Bu kabi huquqbuzarliklar O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 4, 24-moddalari buzilishiga olib keladi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 88-moddasi 3-qismiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 barovaridan 5 barovarigacha (1 mln 236 ming so‘mdan 2 mln 60 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa — 5 barovaridan 10 barovarigacha (2 mln 60 ming so‘m — 4 million 120 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 5 barovaridan 7 barovarigacha (2 million 60 ming so‘m — 2 mln 884 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa 10 barovaridan 15 barovarigacha (4 mln 120 ming so‘m — 6 mln 180 ming so‘m) miqdorda jarima solinadi.
Diqqat! O‘simlik qoldiqlarini yoqish natijasida atmosferaga is gazi, uglerod oksidi kabi zararli moddalar ajralib chiqadi. Bu esa nafaqat ekologiya, balki insonlar salomatligi uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi.
Dala va aholi punktlarida angiz, xazon va shox-shabbalarni yoki o‘simliklarning boshqa qoldiqlarini yoqmang! Unutmang, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish barchamizning fuqarolik burchimizdir!