Qurbon hayiti arafasida O‘zbekiston hukumati ko‘magida ukrainalik bolalar Toshkentga yetib keldi. Bu haqda Ukraina elchixonasi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, bolalar Ukrainadagi jangovar harakatlardan jabr ko‘rgan Xarkov, Xerson, Nikolayev, Zaporojye, Sumi, Xmelniskiy, Lvov va Kiyev kabi shaharlardan tashrif buyurishgan. Ular uchun 12 kunlik dam olish va psixologik tiklanish dasturi rejalashtirilgan.
Ushbu tashabbus Ukraina elchixonasining murojaati asosida O‘zbekiston hukumati taklifi va to‘liq ko‘magi bilan amalga oshirilmoqda. Tashkilotchilarning maqsadi — bolalarning ruhiy muvozanatini tiklash, ularni har kunigi havo hujumlari va raketa zarbalaridan chalg‘itish orqali tinch dam olish imkonini yaratish.
Bolalar va ularning hamrohlari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olinib, keyin Tyan-Shan tog‘lari yetaksida joylashgan go‘zal vodiydagi oromgohga yo‘l olishdi. Oromgohda iliq va samimiy kutib olish marosimi uyushtirildi.
Tashrif dasturi keng qamrovli bo‘lib, unda O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari faol ishtirok etmoqda. Har kuni bolalar uchun “Milliy qadriyatlar kuni”, “Sport va sog‘lomlik kuni” kabi mavzuli tadbirlar, ijodiy tanlovlar va ekskursiyalar tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda ham O‘zbekistonga 45 nafar bola va 5 nafar hamroh tashrif buyurgan bo‘lib, ular 12 kun davomida “Anor” tog‘ oromgohida psixologik tiklanish dasturida ishtirok etgan edi.