Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (O‘RQ–574-son, 23.10.2019 y.). Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qonunga muvofiq, ona suti bilan oziqlantirishni targ‘ib qilish sog‘liqni saqlash organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan aholi o‘rtasida muntazam ravishda axborot-tushuntirish tadbirlarini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun sharoit yaratish maqsadida davlat muassasalarida, tashkilotlarida, avtovokzallar, aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, madaniy-ko‘ngilochar muassasalarda maxsus joylar ajratiladi.
Qonunga ko‘ra, bolalar uchun ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulot to‘g‘risidagi har qanday axborot ona sutining foydasi va afzalligi to‘g‘risidagi ko‘rsatmani o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, Qonunga ko‘ra go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ishlab chiqariladigan hamda olib kiriladigan, O‘zbekiston hududida sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlari sertifikatlashtirilishi hamda sifat va xavfsizlik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.