Davlat ulushi yuqori bo‘lgan tashkilotlarning ko‘chmas mulki faqat elektron auksion orqali sotiladi. Yangilangan tartib rieltorlik standartlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar asosida tasdiqlandi.
2025 yil 9 iyunda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari tomonidan qabul qilingan buyruq bilan O‘zbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standartiga yangi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu yangilik 15 apreldagi Prezident qarori (PQ-142-son) talablarini amalga oshirishga qaratilgan.
Yangi tartibga muvofiq, ko‘chmas mulk ob’ektlarining savdosini tashkil qilishda savdolar tashkilotchisi sifatida mol egasi, mulkiy huquq sohibi yoki maxsus tashkilot qatnashishi mumkin. Bunday tashkilotlar tegishli shartnoma asosida mulkdor nomidan yoki o‘z nomidan harakat qiladi, deb yozmoqda Norma.uz.
Shuningdek, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar, yoki ularga qarashli korxonalarning ko‘chmas mulki endi faqat «E-auksion» platformasida elektron auksion orqali sotiladi. Faqatgina ayrim hollarda — agar auksionda sotilmagan mol-mulk bank balansiga qarzdorlik so‘ndirish tarzida o‘tkazilgan bo‘lsa — u bozor narxida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilishi mumkin.
Yangi tartibda yana bir muhim jihat belgilangan: qonunbuzarliklar bilan o‘tkazilgan auksion yoki tanlovlar manfaatdor shaxs arizasiga ko‘ra sud orqali haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bu esa g‘olib bilan tuzilgan shartnomaning ham haqiqiy emasligiga olib keladi.
Yangilangan standartlar ko‘chmas mulk savdosining shaffofligini ta’minlash, davlat mol-mulkidan samarali foydalanish va elektron savdo mexanizmlarini kuchaytirishni maqsad qiladi.