Bugun 14 avgust, 2025 yil, payshanba

КИР

O‘zbekistonda ish beruvchilar uchun majburiy sug‘urta tariflari qayta ko‘rib chiqildi

O‘zbekistonda ish beruvchilar uchun majburiy sug‘urta tariflari qayta ko‘rib chiqildi

Hukumat ish beruvchilarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tizimini takomillashtirish maqsadida yangi tarif koeffisiyentlarini tasdiqladi. Endi ular 20 xil kasbiy xavf darajasiga asosan tasniflanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majburiy sug‘urta bo‘yicha yangi qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, ish beruvchilarning fuqarolik-huquqiy javobgarligini majburiy sug‘urta qilishda qo‘llaniladigan tarif koeffisiyentlari faoliyat turlariga qarab tasniflanadi. Yangi tartib O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasnifi (IFUT — OKED) asosida ishlab chiqilgan.

Qarorda 934 xil faoliyat turi 20 ta kasbiy xavf darajasi sinfiga ajratilgan. Bunday tizimlashtirish turli soha va tarmoqlardagi ish xavfini hisobga olib, sug‘urta majburiyatlarini aniq va adolatli shakllantirish imkonini beradi.

Yangi tartibda majburiy sug‘urta bilan qamrovni kengaytirish maqsadida minimal sug‘urta mukofoti belgilandi. U bazaviy hisoblash miqdorining 0,25 baravari etib tasdiqlangan. Bu, ayniqsa, kichik biznes sub’ektlari uchun sug‘urtani yanada osonroq va qulayroq qiladi.

Shuningdek, sug‘urta holatlarini hal etish tartibiga ham o‘zgartish kiritildi. Yangi qoidaga binoan, sug‘urta kompaniyalari sug‘urta to‘lovlarini tayinlashda qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlar natijalarini inobatga olishlari shart. Bu esa da’volarni ko‘rib chiqishda xolislik va adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qabul qilingan qaror sug‘urta tizimining samaradorligi va shaffofligini oshirish, ayniqsa kasbiy xavfi yuqori bo‘lgan ish joylarida mehnat qiluvchi xodimlar huquqlarini ishonchli muhofaza qilish hamda ish beruvchi va ishchi manfaatlarining muvozanatli ravishda ta’minlanishini ko‘zda tutadi.

Kiritildi: 16:30 17.07.2025. O'qildi: 593 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!