O‘zbekistonda ilk kasaba uyushmalari 1905 yilda temir yo‘l ishchilari va aloqa xodimlari tomonidan tashkil etilgan.
AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi maslahatchisi Hayotjon Sharipov O‘zbekiston kasaba uyushmalari tashkil topganligining 120 yilligigi yuzasidan ma’lumot berdi:
⚡️“Samarqand” gazetasining 1905 yil 10 iyundagi 116-sonida chop etilgan “Temir yo‘l xizmatchilari uyushmasi” nomli maqolada temir yo‘l tizimida turli kasb egalari va ishchi-xizmatchilarni qamrab oladigan va birlashtiradigan kasaba uyushmalarini tuzish zarurati tug‘ilgani ta’kidlangan.
⚡️1905 yilning 13-20 dekabr kunlari O‘rta Osiyo temir yo‘llari ishchi va xizmatchilarining 1-Qurultoyi o‘tkazilgan.
⚡️Unda yanvar oyidan e’tiboran 8 soatlik ish kunini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
⚡️Shuningdek, “Russkiy Turkestan” gazetasining 1905 yil dekabr oyidagi 264-sonida Toshkentda Idora xizmatchilari va buxgalterlar kasaba uyushmasi tashkil etilayotgani to‘g‘risida xabar berilgan.
⚡️“Turkestan”, “Turkestanskiye vedomosti”, “Turkestanskiy kuryer”, “Noviy put”, “Vpered” gazetalarida 1905-1906 yillarda nashr etilgan maqola va xabarnomalarga ko‘ra, Tikuvchi va etikdo‘zlar kasaba uyushmasi, Ofisiant, oshpaz va uy xizmatkorlari kasaba uyushmasi, Matbaa xodimlari kasaba uyushmasi, Toshkent Mexanika ishlab chiqarish zavodi ishchilari kasaba uyushmasi, Quruvchilar kasaba uyushmasi, feldsher, feldsher ayollar va hamshiralar kasaba uyushmasi kabi kasaba tashkilotlarining ta’sis yig‘ilishlari o‘tkazilgan.
⚡️Bundan tashqari Turkiston kasaba uyushmalari 1906 yildayoq o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish, a’zolarini zarur bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish maqsadida Toshkent shahrida o‘z kutubxonasini ochganligi aniqlandi.