Bugun 24 avgust, 2026 yil, dushanba

КИР

O‘zbekistonda faxriylar maqomi belgilanyapti. Ularga turli imtiyozlar beriladi

O‘zbekistonda faxriylar maqomi belgilanyapti. Ularga turli imtiyozlar beriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Faxriylar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqilib, ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, faxriylar maqomi, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasi, imtiyozlari hamda davlat organlarining bu sohadagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.

Hujjatda faxriylarning toifalari ham mustahkamlanmoqda. Ular qatoriga urush faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, boshqa davlatlar hududidagi jangovar harakatlar qatnashchilari, Qurolli Kuchlar, sud, prokuratura, adliya va bojxona organlari faxriylari, mehnat faxriylari hamda alohida toifadagi faxriylar kiradi.

Loyihaga muvofiq, muayyan soha, tarmoq yoki kasbda uzoq yillar davomida vijdonan mehnat qilib, davlat va jamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lgan shaxslarga faxriy maqomi beriladi.

Faxriy maqomini olgan fuqarolarga bir qator imtiyozlar taqdim etiladi.

Jumladan:

  • sanatoriy va sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul davolanish;
  • uy-joy kommunal xizmatlari uchun kompensasiya;
  • shahar jamoat transportidan bepul foydalanish;
  • avia va temir yo‘l chiptalarida chegirmalar;
  • davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish huquqi.

Shuningdek, ularni dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlash, muzeylar, teatrlar, sport va boshqa madaniy muassasalarning pullik xizmatlaridan imtiyozli foydalanish huquqi ham nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.

Kiritildi: 16:36 14.07.2026. O'qildi: 825 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!