Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, milliy valyutadagi bank omonatlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari ketma-ket uchinchi oyda pasayib, 2024 yil mart oyidagi 21,4 foiz darajasiga qaytdi. Bu o‘zgarish omonatchilar daromaddorligiga ta’sir qilmoqda.
O‘zbekistonda banklar tomonidan omonatlar bo‘yicha belgilanayotgan foiz stavkalari pasayishda davom etmoqda. Markaziy bankning ma’lumotlariga ko‘ra, may va iyun oylarida milliy valyutadagi bank depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi har oyda 0,1 foizga kamayib borgan.
Natijada, mazkur stavka 2024 yil mart oyida kuzatilgan 21,4 foiz darajasigacha tushib ketdi. Yil boshiga nisbatan umumiy pasayish 0,7 foizni, o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan esa 0,6 foizni tashkil etgan.
Mazkur dinamikani 2025 yil aprel oyidan boshlab omonat stavkalari 23 foizdan oshmasligiga oid bir vaqtda amalga oshirilgan bank siyosati bilan bog‘lash mumkin.
Aprel oyidagi o‘zgarish 6 oylik uzluksiz o‘sishdan keyin omonat foizlarining ilk bor pasayishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, yuridik shaxslar uchun milliy valyutadagi omonatlar bo‘yicha stavka may oyida 0,4 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa, iyun oyida o‘zgarish kuzatilmadi.
Xorijiy valyutadagi omonatlarda esa mayda 0,5 foizlik pasayishdan so‘ng, iyunga kelib ko‘rsatkich 4,8 foizga ko‘tarilgan. Shunga qaramay, bu 2024 yil noyabr oyidagi ko‘rsatkichdan 1,5 foizga past. Yuridik shaxslar uchun xorijiy valyutadagi omonatlarda esa deyarli o‘zgarish bo‘lmagan.