Bugun 3 sentyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

O‘zbekistonda 2050 yilga borib tug‘ilishlar soni 1,2 milliondan oshishi mumkin

O‘zbekistonda 2050 yilga borib tug‘ilishlar soni 1,2 milliondan oshishi mumkin

2050 yilga kelib mamlakatda bir yil davomida dunyoga keladigan bolalar soni 2025 yilga nisbatan 40 foizdan ko‘proqqa oshishi prognoz qilingan.

“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Ichki va tashqi migrasiyaning demografik jarayonlar va oila institutiga uzoq muddatli ta’sirini baholash” ilmiy loyihasi doirasida tug‘ilish ko‘rsatkichlarining uzoq muddatli prognozi amalga oshirildi.



Prognozga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni kelgusi yillarda o‘sishda davom etadi. 2030 yilda 892,7 ming nafar, 2040 yilda 1 million 16,1 ming nafar, 2050 yilda esa 1 million 234,1 ming nafar tug‘ilish qayd etilishi kutilmoqda. Shu tariqa, 2050 yilga kelib tug‘ilishlar soni 2025 yilga nisbatan 354,5 ming nafarga yoki 40,3 foizga ko‘payishi prognoz qilingan.



Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent viloyati va Toshkent shahrida kutilmoqda. Prognoz qilinayotgan o‘sish ko‘rsatkichlari Toshkent viloyatida 62 foiz, Toshkent shahrida 61 foiz, Andijon viloyatida 48,6 foiz, Samarqand viloyatida 43,3 foiz va Namangan viloyatida 42,4 foizni tashkil etadi.



Tug‘ilishning umumiy koeffisiyenti bo‘yicha esa o‘rta muddatda biroz pasayish, keyinchalik barqaror o‘sish tendensiyasi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha mazkur ko‘rsatkich 2030 yilda 21,2 promille, 2040 yilda 20,8 promille, 2050 yilda esa 21,9 promille bo‘lishi prognoz qilingan.



2050 yilda tug‘ilish koeffisiyenti eng yuqori bo‘lishi kutilayotgan hududlar qatoridan Surxondaryo – 24,7 promille, Qashqadaryo – 23,8 promille, Namangan va Samarqand – 23,1 promilledan, Andijon – 22,9 promille hamda Toshkent shahri – 22,3 promille o‘rin olgan.



Institut ma’lumotlariga ko‘ra, tug‘ilishlar sonining prognoz qilinayotgan o‘sishi kelgusi yillarda ta’lim, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim, uy-joy, ijtimoiy xizmatlar va mehnat bozori infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyojni ham oshiradi.



Shuningdek, demografik o‘zgarishlarni oldindan baholash davlat resurslarini samarali taqsimlash, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda inson kapitaliga investisiyalarni strategik rejalashtirish imkonini berishi qayd etilgan.

Kiritildi: 18:23 02.09.2026. O'qildi: 354 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!