O‘zbekiston IDEX 2025 ko‘rgazmasida yangi harbiy texnikasini namoyish etdi.
Yaqin Sharqning eng yirik mudofaa ko‘rgazmasi - IDEX 2025 Abu-Dabida Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti homiyligida, mamlakat hukumati va qurolli kuchlari ko‘magida o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston ushbu tadbirda birinchi marta ishtirok etib, o‘zining eng so‘nggi harbiy texnikasini, jumladan, "Arslon 8×8" va "Arslon 6×6" zirhli transportyorlarini hamda "To‘fon" o‘ziyurar gaubisasini namoyish etmoqda.
O‘zbekiston ichki mudofaa sanoatini rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishdi va endi jahon qurol-yarog‘ bozoriga o‘zining so‘nggi ishlanmalari bilan kirib kelmoqda.
NATO standartlari asosida yaratilgan "Arslon" zirhli transportyori kunduzi va tunda nishonga olish imkoniyatiga ega bo‘lgan avtomatlashtirilgan jangovar modul bilan jihozlangan. Konfigurasiyasiga qarab, transportyor og‘irligi 32 tonnnadan 35 tonnagacha bo‘lishi mumkin va u 4a/4b darajasidagi mina himoyasiga ega bo‘lib, bu 10 kilogramm trotil portlashiga bardosh bera oladi.
Old qism oltinchi darajali himoyani ta’minlaydi, yon va orqa tomonlar esa to‘rtinchi darajali himoya bilan ta’minlangan. Transport vositasi kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimlari va avtomatlashtirilgan qurol modulini o‘z ichiga olgan. Aniq texnik tafsilotlar maxfiy bo‘lsa-da, BTR askarlarni tashish va xavfli hududlarda maxsus operasiyalarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan.
"To‘fon" gaubisasi zirhli kabinali yuk mashinasi shassisiga o‘rnatilgan artilleriya tizimidir. U zamonaviy jang maydoni sharoitlarida harakatchan o‘t ochish qudratini ta’minlovchi Fransiyaning CAESAR va Isroilning ATMOS tizimlariga o‘xshash hisoblanadi.
O‘zbekistonning IDEX 2025 ko‘rgazmasida ishtiroki uning mudofaa sanoatini rivojlantirish va harbiy yutuqlarini xalqaro maydonda namoyish etish niyatidan dalolat beradi.