Bugun 8 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekiston va Xitoy turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi

O‘zbekiston va Xitoy turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi

26 aprel kuni Toshkent shahrida joylashgan «InterContinental Tashkent» mehmonxonasida Xitoy Xalq Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda targ‘ib qilish va O‘zbekiston-Xitoy turizm sanoati vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlandi.

Biznes-forum O‘zbekistonning «Prestige Travel» kompaniyasi va Xitoyning «Hainan Weidu international travel CO LTD» kompaniyalari tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Xitoyning davlat va xususiy sektor vakillari, jumladan, hukumat vakillari, biznes rahbarlari va investorlar, shuningdek, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

«O‘tgan yili Xitoy Xalq Respublikasidan O‘zbekistonga 45 mingga yaqin turistlar kirib kelgan, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich bir necha karra ortishi kutilmoqda. Bunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turizm sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida o‘rin tutadi. Xitoy davlatida yurtingizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go‘zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganligini qayd etishim lozim. Bu esa ikki tomonlama sayyohlar almashinuvida manfaatlidir», deb aytib o‘tdi «Hainan Weidu international travel CO LTD» kompaniyasi rahbari He Jin.

“Mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish hamda Xitoydan O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin ko‘paytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib borayapmiz. O‘tgan yili «Prestige Travel» tomonidan 10 ming nafarga yaqin o‘zbekistonliklarning Xitoyga sayohatlari tashkil etilgan edi. Shu qatorida minglab xitoyliklarni turist sifatida mamlakatimizga olib kirdik. Yana bir bor ta’kidlayman: amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlar aholisining sifatli hordiq chiqarishlari uchun muhimdir. Bizning kompaniya bu borada yetarli tajribalar asosida faoliyat ko‘rsatadi. Sababi biz O‘zbekistonda ilk bor Misrga, Chernogoriyaga, Vetnamga hamda qator Yevropa davlatlariga birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar qo‘yib, sayohat uchun yo‘l ochganmiz”, – deb ta’kidladi «Prestige Travel» kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov.

Forum davomida O‘zbekistondan Xitoyning Hainan provensiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi. Tomonlar aviaqatnovlarni joriy yilning iyun oyidan boshlab haftasiga bir marotaba, keyinchalik bo‘ ko‘rsatkichni 3-marotaba oshirishni rejalashtirayotganligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston va Xitoy tomonlari vakillari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qildilar, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini o‘rgandilar. Forum O‘zbekiston va Xitoy sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi bilan yakunlandi.

O‘zbekiston-Xitoy sayyohlik biznes-forumi ikki davlat vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Forum ishtirokchilarga hamkorlik va investisiyalar uchun yangi imkoniyatlarni o‘rganish uchun platforma taqdim etdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston turizm industriyasining yuksalishi va rivojlanishiga, mamlakatimizning jahon turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

«Mamlakatimiz turizmini rivojlantirishda bizdagi salohiyatni xorijda yanada kengroq targ‘ib qilish, xalqaro aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va noodatiy tarzda xorijiy sayyohlar e’tiborini jalb qilish muhim hisoblanadi. Shu boisdan bugungidek ikki tomonlama ochiq muloqotlar qator yangiliklarga qo‘l urishimiz uchun asosdir. Biz Xitoy davlatida yurtimizning turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganligini qadrlaymiz», deya fikr bildirdi Oybek Ahmedov.

Kiritildi: 10:08 27.04.2024. O'qildi: 889 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!