O‘zbekiston va Qozog‘iston Xitoy chegarasi yaqinida transport-logistika sohasida qo‘shma korxona tashkil etishga kelishdi.
Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishcha, Transport vazirligi delegasiyasining Qozog‘istonga tashrifi davomida delegasiya vakillari Qozog‘istonning transchegaraviy transport-logistika infratuzilmasi bilan tanishdi. Jumladan, Oltinko‘l temir yo‘l stansiyasi, «Kedentransservis» AJ terminali, «KTZE-Khorgos Gateway» quruq porti, «Xorgos — Sharqiy darvoza» maxsus iqtisodiy zonasi hamda «Xorgos» xalqaro chegaraoldi hamkorlik markazi faoliyati o‘rganildi.
Muzokaralarda Xitoy — Qozog‘iston — Markaziy Osiyo yo‘nalishida yuk oqimlarining uzluksizligini ta’minlash, konteyner tashuvlarini kengaytirish, multimodal transport koridorlarini rivojlantirish va logistika yo‘nalishlarini diversifikasiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Tashrifning asosiy natijalaridan biri — «Kedentransservis» AJning Oltinko‘l stansiyasida Qozog‘iston tomoni bilan qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgani bo‘ldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston va Qozog‘iston transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy qadamni belgiladi.