Bugun 18 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekiston Saudiya Arabistonini mag‘lub etdi

O‘zbekiston Saudiya Arabistonini mag‘lub etdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Saudiya Arabistoniga qarshi o‘tkazilgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Terma jamoamizning har ikki goliga Sherzod Esanov mualliflik qildi.

Uchrashuvning 19-daqiqasida O‘zbekiston hisobni ochdi. Raqib darvozabonining xatosidan foydalangan Sherzod Esanov to‘pni darvozaga yo‘lladi — 0:1.

Mezbonlar to‘rt daqiqadan so‘ng hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. 23-daqiqada Al-Buraykan bosh bilan aniq zarba berib, muvozanatni tikladi.

Biroq birinchi bo‘lim yakunlanishiga o‘n daqiqa qolganida O‘zbekiston yana oldinga chiqdi.

35-daqiqada standart vaziyatdan keyin to‘g‘ri pozisiya tanlagan Sherzod Esanov raqib darvozasini ikkinchi marta ishg‘ol qilib, dubl qayd etdi.

Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, Husayn Norchayev ham gol urdi. Ammo hakam ofsaydni qayd etgani sababli ushbu gol hisobga olinmadi.

Shu tariqa, jamoalar tanaffusga O‘zbekistonning 2:1 hisobidagi ustunligi bilan chiqib ketdi.

50-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan himoyachi Ali Lajami Abbosbek Fayzullayevga nisbatan o‘ta qo‘pol harakat qildi. Bosh hakam unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi.

Natijada nominal mezbonlar uchrashuvning qolgan qismini o‘n kishi bo‘lib o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Mazkur vaziyatda jarohat olgan Abbosbek Fayzullayev o‘yinni davom ettira olmadi. 54-daqiqada uning o‘rniga Azizbek Amonov maydonga tushirildi.

Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan oltinchi daqiqada hakam final hushtagini chaldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Sherzod Esanovning dubli evaziga Saudiya Arabistonini 2:1 hisobida mag‘lub etib, xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvini g‘alaba bilan yakunladi.

O‘rtoqlik uchrashuvi

Saudiya Arabistoni — O‘zbekiston — 1:2

Gollar: Al-Buraykan (23) — Sherzod Esanov (19, 35).

Qizil kartochka: Ali Lajami (50, Saudiya Arabistoni).

Kiritildi: 22:38 17.11.2026. O'qildi: 410 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik