Bugun 23 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi sifatida

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari  O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining  tarkibiy qismi sifatida

Bugungi kunda Konstitusiya davlatning siyosiy va ijtimoiy barqarorligini ta’minlashning asosiy omillaridan biri bo‘lib qolmoqda. Zamonaviy globallashuv sharoitida butun dunyo mamlakatlari jadal tarzda konstitusiyaviy rivojlanishning modelini izlamoqda.

So‘nggi 30 yil ichida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida konstitusiyaviy islohotlar o‘tkazilgan va 57 davlatda yangi konstitusiya qabul qilingan. Konstitusiyaga eng ko‘p o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritgan davlatlar qatoriga Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston kiradi. Bunda konstitusiyaviy islohotlarning aksariyati davlat va jamiyatni modernizasiya qilish, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida amalga oshirilgan.

Hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat ona Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda. Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitusiyaviy burchi va ustuvor vazifasi ekanligini mustahkamlash maqsadida 2022 yil 20 may kuni Konstitusiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya tuzilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi.

Mazkur komissiya tomonidan keng jamoatchilikning takliflari, fikr-mulohazalari asosida shakllantirilgan yakuniy takliflardan kelib chiqib, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Konstitusiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga ko‘payib, normalari 275 tadan 434 taga oshdi, ya’ni, Asosiy Qonunning 65 foiz matni respublika xalqi tomonidan berilgan takliflar asosida yangilandi.

Loyihada fuqarolar tomonidan inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, shaxsiy mulk daxslsizligini yanada mustahkamlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini aniqlashtirish bilan bog‘liq masalalar bilan bir qatorda, xalqaro munosabatlarga oid normalar ham joy oldi.

Konstitusiyaviy qonun loyihasini tayyorlash jarayonida BMT, YEXHT, SHHT, YEI, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin mamlakatlar konstitusiyalari puxta tahlil etildi.

Birgina xalqaro huquq normalarining ustuvorligi tamoyilini konstitusiyaviy norma sifatida belgilash uchun ko‘plab xalqaro hujjatlar hamda ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganildi.

Jumladan, xalqaro shartnomalarning milliy qonunchilikdan ustuvorligi prinsipi BMT Bosh Assambleyasining 2001 yil 12 dekabrdagi 56/83-sonli rezolyusiyasi bilan tasdiqlangan xalqaro huquqbuzarliklar uchun davlatlarning javobgarligining 32-moddasida, shuningdek, 1969 yil 23 maydagi “Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasining 27-moddasida taraflar o‘z ichki qonunchiligi qoidalarini shartnomani bajarmaslik uchun asos sifatida keltira olmasligi qoidasi mustahkamlangan.

Bundan tashqari, Germaniya, Frasiya, Ispaniya, Filippin, Xorvatiya, Chexiya, Sloveniya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa bir qator davlatlar konstitusiyaviy amaliyotida ham xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari milliy huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi, xalqaro shartnomalarning qonunlardan ustunligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Xususan, Germaniya Konstitusiyasining 25-moddasida “Xalqaro huquqning umumiy qoidalari federal huquqning bir qismidir. Ular qonunlardan ustun turadi va to‘g‘ridan to‘g‘ri federal hudud aholisi uchun huquq va majburiyatlarni yaratadi”, deb belgilab qo‘yilgan. Fransiya Konstitusiyasining 55-moddasida ham belgilangan tartibda ratifikasiya qilingan yoki tasdiqlangan xalqaro shartnomalar yoki bitimlarning milliy qonunlardan ustun turishini nazarda tutuvchi norma mustahkamlangan.

Ilg‘or xorijiy tajriba hamda davlatchiligimiz rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, yangilanayotgan Konstitusiyaning 15-moddasida ham O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda xalqaro shartnomalarining ustuvorligi konstitusiya darajasida belgilanmoqda.

Ma’lumki, xalqaro shartnomalarining ustuvorligi prinsipining bevosita Konstitusiya darajasida belgilab qo‘yilishi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga sodiqligi, xalqaro hamjamiyat ko‘z o‘ngida ishonchli hamkor sifatida namoyon bo‘lishi, pirovardida mamlakatning xalqaro nufuzini oshirishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning xalqaro huquqning to‘la huquqli sub’ekti sifatida 130 dan oshiq nufuzli xalqaro tashkilotlarning a’zosi ekanligi, 142 davlat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatganligi, 4,5 mingdan ortiq xalqaro shartnomalarga, inson huquqlariga oid 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga qo‘shilganligi mazkur normaning yanada dolzarbligini tasdiqlaydi.

Davlatimizda sohaga oid munosabatlar “Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risida”gi, “Konsullik munosabatlari to‘g‘risida”gi Vena konvensiyalari, “BMT Nizomiga muvofiq davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar va hamkorlik borasidagi xalqaro huquq prinsiplari to‘g‘risida”gi deklarasiya hamda milliy darajada qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi va boshqa qator qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Yuqorida nazarda tutilgan normaning Konstitusiyada belgilanishi, o‘z navbatida, xalqaro shartnomalarga amal qilishning huquqiy asosini mustahkamlash, davlatlar orasidagi diplomatik aloqalarni yanada kengaytirish, jahonning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan strategik hamkorlik qilishning mutanosib, ko‘p qirrali tizimini shakllantirish imkonini ham beradi.

Ta’kidlash lozimki, Konstitusiyaga O‘zbekiston Respublikasining milliy huquqiy tizimiga xalqaro huquq butunlay emas, balki uning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari kirishi e’tirof etilmoqda.

Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari – hozirgi zamon xalqaro huquqi bosh mazmunini ifodalovchi va uning maqsadlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi eng muhim va universal majburiy me’yorlardir. Umume’tirof etilgan prinsiplar esa jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va tegishli xalqaro huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan prinsiplar hisoblanadi.

Ma’lumki, BMT Ustavi qabul qilinguncha xalqaro huquqning asosiy prinsiplari masalasi asosan xalqaro huquq doktrinasida ko‘rib chiqilar edi. Hozirgi vaqtda esa xalqaro huquqning asosiy prinsiplari e’lon qilingan va mazkur prinsiplar BMT Ustavining 2-moddasida va BMT Ustaviga muvofiq davlatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlar va hamkorlikka taalluqli Xalqaro huquq prinsiplari to‘g‘risidagi Deklarasiya, (EXHK)ning Xelsinki yakunlovchi hujjatida batafsil yoritib berilgan bo‘lib, mazkur hujjatlarda quyidagi prinsiplar mavjud:

1) kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik; 2) davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; 3) nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish;
4) davlatlarning xalqaro hamkorligi; 5) xalqlar va millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash; 6) davlatlarning xalqaro majburiyatlarini vijdonan bajarish prinsipi; 7) davlatlarning suveren tengligi;
8) chegaralarning daxlsizligi; 9) davlatlarning hududiy yaxlitligi; 10) inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish.

Shu o‘rinda, ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda jahon hamjamiyati oldida turgan umumbashariy muammolarni hal etish zaruriyatini ifoda etuvchi yangi prinsiplarni ham (masalan, atrof muhitni himoya qilish) tatbiq etish zarurati ham shakllanib bormoqda.

Xalqaro huquqqa oid barcha normalarning emas, balki shu kabi umume’tirof etilgan prinsiplar va normalarning milliy huquq tarkibiga kirishi, shu jumladan Konstitusiyada mustahkamlanishi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro huquqning to‘laqonli sub’ekti ekanligini, xalqaro siyosatda o‘zining munosib o‘rniga va o‘z fikriga ega davlat ekanligini yana bir bor namoyon etadi.

Shuningdek, yangilanayotgan Konstitusiyada O‘zbekiston Respublikasining milliy huquq tizimiga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari ham kirishi nazarda tutilmoqda.

Qayd etish kerakki, istalgan xalqaro shartnoma O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi sifatida tan olinmaydi. Ya’ni, xalqaro shartnomani ratifikasiya qilish, tasdiqlash, qabul qilish yoki qo‘shilish orqali xalqaro shartnomaning majburiyligiga O‘zbekiston Respublikasining roziligi ifoda etilgan xalqaro shartnomalar O‘zbekiston Respublikasining milliy huquqiy tizimiga kiradi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llanilishi to‘g‘risidagi normani tatbiq qilishda, shuni hisobga olish kerakki, mazkur holat milliy qonunchilik hujjatining kuchini yo‘qotishiga sabab bo‘lmaydi, uning amal qilishini to‘xtatishga olib kelmaydi. Aksincha, o‘rnatilayotgan qoida, o‘z navbatida, huquqni qo‘llovchi organlar uchun o‘z vakolatlari doirasida xalqaro huquq normalarini to‘laqonli qo‘llashiga huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Xulosa sifatida davlatimizning xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari bilan bir qatorda huquqiy tizimning tarkibiy qismi ekanligini konstitusiyaviy tarzda ifoda etilishi davlatimizning xalqaro miqyosidagi nufuzi yanada oshishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida himoyalanishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti

yu.f.d., professor B.Ismailov,
SH.Alamonova

Kiritildi: 17:02 26.04.2023. O'qildi: 3735 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!