Bugun 6 avgust, 2025 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi: 27-moddada qanday o‘zgarishlar bor?

A A A
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi: 27-moddada qanday o‘zgarishlar bor?

Xabaringiz bor, saytimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida ma’lumot berib boryapmiz. Bu safar 27-moddaga to‘xtalib o‘tamiz.

Hozirgi shakli:

27-modda. Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.

Yangi shakli:

Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsiz bo‘lishi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega. (27-modda)

Izoh:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 31 avgustdagi Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida, “Demokratiyaning asosiy talabi bo‘lgan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, so‘z va vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqdaligi, mustaqil va kuchli sud hokimiyati inson huquqlari, demokratiya va qonuniylikni qaror toptirishning asosiy shartidir”. Bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarga doir 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Hozirgi vaqtda ular asosida jiddiy amaliy ishlar olib borilmoqda.

2. Prezidentimizning Kontitusiyaning 29 yilligi bag‘ishlangan nutqida (07.12.2021 y.) “Ayni vaqtda ... inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz” deb ta’kidlandi.

3. Mazkur normaga o‘xshash normalar O‘zbekistonning Fuqarolik kodeksi va tegishli qonunlarida o‘z aksini topgan.

4. Shuningdek, xalqaro xujjatlardan, Inson huquqlari umumjahon Deklarasiyasining (1948) 3-moddasida har bir inson, yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga ega deb belgilangan

Mazkur norma, dunyoning aksariyat rivojlangan mamlakatlarning konstitusiyalarida mavjud.

Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish huquqiga ega. (27-modda)

1. Prezidentimizning Kontitusiyaning 29 yilligi bag‘ishlangan nutqida (07.12.2021 y.) “Oldimizda turgan vazifalarni amalga oshirish uchun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida keng ko‘lamli islohotlarimizni izchil davom ettiramiz”.
Shuningdek, Prezident SH.Mirziyoyevning Konstitusiyaviy komissiya bilan uchrashuvida (20.06.2022 y.) “Yangilangan Konstitusiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim”ligi qayd etildi.
2. Mazkur normaga o‘xshash normalar Inson huquqlari bo‘yicha umumjaxon Deklarasiyasining 12-moddasida hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va sha’niga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emasligi, har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya qilinish huquqiga egaligi e’tirof etilgan. Shuningdek, Fuqaroviy va siyosiy huqular bo‘yicha xalqaro paktning 17-moddasida hech kim o‘zining shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy tarzda aralashishga, o‘zining uy-joyi yoki yozishmalari siri daxlsizligiga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy tarzda tajovuz qilinishiga yoki uning or-nomusi va sha’niga noqonuniy tajovuz kilinishiga duchor etilishi mumkin emasligi va har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzlardan qonun orqali himoya etilish huquqiga egaligi e’tirof etilgan.

Mazkur norma Ozarbayjon, Armaniston, Kozog‘iston Konstitusiyalarida ham o‘z ifodasini topgan.

#MeningKonstitutsiyam

#YangiQomus

Kiritildi: 09:22 29.06.2022. O'qildi: 6054 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!