O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining Istanbuldagi sammitida so‘zga chiqib, hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni taqdim etdi. Bunda davlatimiz rahbari turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va madaniy merosni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratdi.
Jumladan, Shavkat Mirziyoyev «Turkiy dunyo turizmi» va «Tabarruk ziyorat» turistik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va etnosport musobaqalarini o‘tkazish, shuningdek madaniy meros ob’ektlarini saqlash va tiklash sohalarida hamkorlik yo‘nalishlarini qamrab olgan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishni taklif qildi.
O‘zbekiston Prezidentining ushbu tashabbuslari pandemiya davrida yuzaga kelgan mazkur sohadagi muammolar fonida ayniqsa dolzarb sanaladi. Turizm va madaniy merosni asrab-avaylash sohalaridagi normativ-huquqiy bazani yaratish va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi tarixiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda turkiy mamlakatlar bilan hamkorlik doirasida ko‘plab tadbirlar tashkil qilindi va ulardan biri turizm masalalari vazirlarining 6-yig‘ilishi Qo‘qonda bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida ishtirokchilar ziyorat turizmi, hunarmandchilik, ekoturizm va gastronomik turizm kabi sohalarda istiqbolli loyihalarni muhokama qildilar.
Ta’kidlash joizki, islom madaniyati va boshqa dinlarga tegishli muqaddas maskanlari mavjud bo‘lgan turkiy mamlakatlarda ziyorat turizmi katta salohiyatga ega. Muqaddas qadamjolar va maqbaralar Turkiy davlatlar tashkiloti hududida turizmni rivojlantirishda muhim o‘rin egallaydi. Jumladan, hozirgi O‘zbekiston hududida Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom al-Moturidiy, Bahouddin Naqshbandiy kabi musulmon olamining mashhur olimlari yashab ijod qilganlar.
Shu munosabat bilan, ko‘rsatilayotgan turistik xizmatlar sifatini oshirish va ziyoratchi-sayyohlar uchun qulay muhitni shakllantirish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlarni qabul qilish bugungi kunda dolzarb hisoblanadi.
Bundan tashqari, turkiy dunyoning an’anaviy va zamonaviy madaniyatlari bilan tanishish Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari sayyohlari orasida alohida qiziqish uyg‘otadi. Bu yo‘nalishdagi samarali strategiyaning asosiy tarkibiy qismi yangicha innovasion g‘oyalar, loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash va qayta tiklash bo‘yicha tashabbusi o‘zaro bilim, an’ana va tajribadan birgalikda foydalanishga qaratilgan. O‘zbekiston turkiy dunyo madaniy merosini asrab-avaylash tarafdori sanaladi va Turkiy davlatlar tashkilotini ushbu sohadagi hamkorlikni mustahkamlashda o‘ziga xos platforma sifatida ko‘radi. Bunda alohida e’tibor madaniy meros ob’ektlarini restavrasiya qilish va ularni samarali boshqarish mexanizmlarini joriy etishga qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi dastlabki qadam sifatida O‘zbekiston Tashkilot a’zolarining madaniy meros ob’ektlarining onlayn-platformasi va raqamlashtirilgan nusxalarini yaratishni taklif qildi.
Turizm sohasi «COVID-19» pandemiyasidan anchagina zarar ko‘rganligi sababli ushbu sohani yanada rivojlantirish xavf va xarajatlarning oshishi sharoitida amalga oshiriladi. Shundan kelib chiqib, turizm sohasidagi hamkorlik va madaniy merosni asrab-avaylashni Turkiy davlatlar tashkilotining gumanitar yo‘nalishdagi hamkorligining markaziy sohalariga aylantirish bugungi davr talabidir.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan turkiy mamlakatlar rahbarlarining Istanbuldagi joriy sammitida bildirilgan tashabbuslari turizm va madaniy merosni asrab-avaylash sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishda muhim platformaga aylandi deb ishonch bilan qayd etish mumkin.
Sarvar Kamolov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi