VisaGuide.World axborot portali 2024 yil yanvar holatiga ko‘ra pasport indeksini (VisaGuide Passport Index) e’lon qildi, unda O‘zbekiston 128-o‘rinni egalladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston pasporti mamlakat fuqarolariga 31 davlatga vizasiz sayohat qilish imkonini beradi, 19 davlat o‘zbekistonliklarga elektron viza va 32 davlat kelganida vizalar beradi. O‘zbekiston pasporti egalari 144 davlatga kirish uchun sayohat qilishdan oldin viza olishi kerak.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston pasport eng yaxshi ko‘rsatkichga ega — 110-o‘rin. Qirg‘iziston pasporti 132-o‘rin, Tojikiston pasporti 140-o‘rin va Turkmaniston pasporti 167-o‘rinda qayd etilgan.
2023 yilgi reytingning mutlaq yetakchisi Ispaniya pasporti bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinda Germaniya pasporti. Kuchli beshlikni Singapur, Italiya va Fransiya pasportlari yakunlaydi.
Reytingning so‘nggi o‘rinlarini Iroq, Pokiston, Suriya, Afg‘oniston, Somali kabi davlatlarning pasporti egallagan.
VisaGuide pasport indeksi - bu 199 mamlakat va hududning pasport kuchini turli omillar asosida, jumladan, boradigan mamlakat tomonidan belgilangan kirish talablari, mamlakat yalpi ichki mahsuloti, xavfsizlik, inson taraqqiyoti indeksi, turizm indeksi va boshqalar orqali baholashni nazarda tutadi.