Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida ishtirok etishi uchun yettita saylov uchastkasi tashkil qilinadi.
Bu haqda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga tayanib Rossiyaning TASS axborot agentligi ma’lum qildi.
O‘zbekistonning o‘zida parlamentning Qonunchilik (quyi) palatasiga deputatlar saylovini o‘tkazish uchun 11 mingga yaqin saylov uchastkasi ochiladi. Shuningdek, 56 ta saylov uchastkasi 39 davlatda, shu jumladan Rossiyada yettita uchastka ochiladi.
Bundan tashqari, saylovga tayyorgarlik doirasida saylov.mfa.uz sayti ishga tushirildi. U xorijda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga konsullik ro‘yxatidan o‘tmasdan turib, saylovchilar ro‘yxatiga kiritish uchun arizani elektron shaklda yuborish imkonini beradi.
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, parlament saylovi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 20,5 milliondan ortiq kishi kiritilgan.
"Parlamentning qonunchilik (quyi) palatasiga deputatlar saylovi aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkaziladi. Xususan, 150 nafar deputatdan 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, ya’ni saylovchilar o‘zlariga maqbul nomzodlarga ovoz berishi yo‘li bilan, qolgan 75 nafari esa, proporsional tizim bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi", – deyiladi TASS tarqatgan maqolada.