O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga yuk tashish hajmi oshdi. Bu haqda “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston –Afg‘oniston – Pokiston” xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhning onlayn yig‘ilishida ma’lum bo‘ldi.
2024 yil yakuniga ko‘ra "Transafg‘on" yo‘nalishida yuk tashishlar hajmi 5 million tonnadan oshgani, jumladan, xorijiy davlatlardan O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga yo‘naltirilgan tranzit hajmi 3 million tonnadan oshgani qayd etildi.
Bundan tashqari, Afg‘oniston orqali Qirg‘iziston, Tojikiston, Gruziya, Niderlandiya, Turkiya, Xitoy va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarga 500 ming tonnaga yaqin tranzit yuk tashilgan
Onlayn uchrashuvda tomonlar Afg‘oniston tomonining yo‘lakka uning ajralmas qismi sifatida qo‘shilishi muhimligini ta’kidladilar. Uchrashuv yakunida ishchi guruh a’zolari ishtirokchi mamlakatlarning temir yo‘l ma’muriyatlari ishtirokida oflayn uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.