Bugun 15 noyabr, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekiston falastinlik bolalar va ayollarni davolashga tayyor

O‘zbekiston falastinlik bolalar va ayollarni davolashga tayyor

O‘zbekiston falastinlik bolalar va ayollarni o‘z shifoxonalarida davolashga tayyor.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 noyabr kuni navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.


Saudiya Arabistoni raisligida o‘tgan tadbirda Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo, Afrika qit’asining yetakchi mamlakatlarining davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, xalqaro hamjamiyatning G‘azo va Livandagi keskinlikni kamaytirish, yuzaga kelayotgan vaziyatni tez fursatda siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari global siyosat kun tartibidagi eng o‘tkir va og‘riqli masala – Falastin muammosiga bag‘ishlangan sammitni tashkil etgani uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hamda Valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saudga alohida minnatdorlik bildirdi.

2023 yili Ar-Riyod shahridagi yig‘ilishdan keyin o‘tgan vaqt mobaynida ushbu urush ko‘lami yanada kengayib, Livan hududini ham qamrab olgani afsus bilan qayd etildi.

Prezident Falastin-Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Bugungi sammitda global va mintaqa darajasida samarali mexanizmlar va aniq yechimlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilishiga ishonch bildirildi.

Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik Kengashining doimiy e’tibor markazida turishi zarurligi qayd etildi.

Qadimiy va boy tarixga ega falastin xalqi 1967 yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqli ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyati qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Falastin va Livan hududidagi gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Maxsus agentligi doirasida yordam ko‘lamini kengaytirish taklif etildi.

Davlat rahbari urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini ta’kidladi. Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyati bildirildi.

Prezident muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini ta’minlash hamda ularni beshikast saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

So‘zining yakunida Mirziyoyev mazkur uchrashuv Yaqin Sharq muammosini hal etishda katta qadam bo‘lishiga umid bildirdi. Muhokamalardan so‘ng tomonlar mojaroning siyosiy-diplomatik yechimini jadal izlashga sodiqligini tasdiqlovchi qo‘shma rezolyusiya qabul qilindi.

Kiritildi: 20:36 11.11.2024. O'qildi: 744 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!