Bugun 17 dekabr, 2024 yil, seshanba

КИР

O‘zbekiston elchisi Chexiya prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekiston elchisi Chexiya prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning Germaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov (qarorgohi Berlin shahrida) Chexiya prezidenti Petr Pavelga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Qayd etilishicha, Chexiya prezidentining rasmiy qarorgohi — «Praga qasri»da ishonch yorliqlarini topshirish marosimi doirasida faxriy qorovul ishtirokida tadbir o‘tkazilib, O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilgan va mamlakat madhiyasi yangragan.

Suhbat chog‘ida Petr Pavel O‘zbekistonni Chexiyaning xalqaro hamjamiyatdagi muhim hamkorlaridan biri sifatida e’tirof etgan. Chexiya rahbari rasmiy Praganing O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga qiziqishi yuqori ekaniga urg‘u bergan.

«U so‘nggi paytlarda mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy aloqalar mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston prezidentining Chexiya bosh vaziri Petr Fiala bilan joriy yil 13 noyabr kuni Bakudagi uchrashuvi va mamlakat tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiyning 21-22 oktyabr kunlari Toshkentga tashrifi yuqori darajadagi muloqotlarning izchil faollashuviga zamin yaratishini qayd etdi», — deyiladi xabarda.

Chexiya yetakchisi transport, mashinasozlik, energetika, tibbiyot kabi sohalardagi hamkorlik ikki tomonlama manfaatli bo‘lishini ma’lum qilgan. Shuningdek, Petr Pavel Yevropa Ittifoqining «Global darvoza» (Global Gateway) strategiyasi doirasida transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikni olib borish ikki mintaqaning iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tgan.

Kiritildi: Bugun 08:35. O'qildi: 210 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!