Bugun 4 iyul, 2025 yil, juma

КИР

O‘zbekiston avtomobil bozori — avgust oyi yakunlari tahlil qilindi

A A A
O‘zbekiston avtomobil bozori — avgust oyi yakunlari tahlil qilindi

O‘zbekiston avtomobil bozorida o‘sish biroz sekinlashganiga qaramay, barqaror o‘sishda davom etmoqda. Oy davomida sotuvlar 2,4%ga o‘sdi va eng sezilarli o‘sish elektromobillar ikkilamchi bozorida qayd etildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O‘zbekiston avtomobil bozoridagi vaziyat tahlil qilindi.

Avgust oyda avtotransport vositalarini sotish 2,4%ga o‘sib, 148 mingtaga yetdi. O‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan sotuvlar soni 24%ga ortgan.

Engil avtomobillar

Avgust oyida sotilgan yengil avtomobillarning umumiy soni 135 mingtadan oshib, o‘tgan oyga nisbatan 2,3%ga o‘sdi.

Nisbatan yuqori o‘sish Xorazm – 17%, Jizzax – 12% va Sirdaryo – 11% viloyatlarida qayd etildi.

Umuman olganda, yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan 24%ga o‘sdi.

Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat

Avgust oyida jami 37,7 mingta yangi yengil avtomobillar sotilib, avtomobil sotuvi o‘tgan oyga nisbatan 9%ga o‘sgan.

O‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan birlamchi yengil avtomobillar bozorida o‘sish 2 baravardan ko‘proqni tashkil etdi.

Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillari segmentida sotuvlar 32,6 mingtani tashkil etdi (iyul oyida 29,6 mingta).

Xorijda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar bozori

Avgust oyida xorijda ishlab chiqarilgan 5,4 mingta yangi yengil avtomobillar sotilib, iyul oyidagi ko‘rsatkichdan 8,7%ga ko‘paygan.

Ikkilamchi avtomobil bozoridagi vaziyat

Ikkilamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi biroz pasaydi. Oy davomida 97,5 mingta yengil avtomobillar sotilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,1%ga pasaygan. Shu bilan birga, o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan sotuv miqdori 7%ga o‘sgan.

Ikkilamchi avtomobil bozorida sotuvlarning pasayishi UzAuto Motors tomonidan Cobalt, Lacetti, Labo va Damas avtomobillari uchun shartnomalarning tiklanishi bilan bog‘liq (shu yilning avgust oyidan boshlab 51 mingga yaqin avtomobil uchun shartnoma tuzilgan, bu kompaniyaning 2023 yil oxirigacha ishlab chiqarish rejalariga mos keladi).

Elektromobillar bozori

Avgust oyida yengil elektromobillar sotuvi 3,7 mingtadan oshib, iyul oyiga nisbatan 38%ga ko‘paygan.

Eng ko‘p sotilgan elektromobillar Toshkent shahrida – 2,8 mingta, Toshkent – 250 ta va Farg‘ona – 139 ta viloyatlarida qayd etildi.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan elektromobillar sotuvi 5 baravarga oshgan.

Birlamchi bozorda elektromobillar sotuvi 3,2 mingtani tashkil etdi va o‘tgan oyga nisbatan 35%ga o‘sdi. Sotish ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,3 baravarga ko‘paygan.

Sezilarli o‘sish elektromobillarning ikkilamchi bozorida qayd etildi. Oy davomida sotuvlar 56%ga o‘sdi va 497 donani tashkil etdi. Sotish ko‘rsatkichi 2022 yil avgust oyiga nisbatan 89%ga oshgan.

Kiritildi: 12:23 13.09.2023. O'qildi: 2524 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!