Argentina terma jamoasi oktyabr oyidagi FIFA xalqaro o‘yinlar oynasi doirasida O‘zbekistonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishi kutilmoqda. Bu haqda football-asian.com sayti xabar tarqatdi.
Manbaga ko‘ra, ushbu uchrashuv 10–14 oktyabr orasida bo‘lib o‘tadi va unda Lionel Messining ham ishtirok etishi rejalashtirilgan. Mazkur bellashuv O‘zbekiston terma jamoasi uchun 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlikning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Argentina terma jamoasining oktyabrdagi o‘yinlarida ikkinchi raqib sifatida Xitoy tanlanishi mumkin, biroq bu borada hali rasmiy bayonot berilmadi.
Shu bilan birga, Sharqiy Osiyoda Janubiy Koreya va Yaponiya terma jamoalari ham oktyabr oyi uchun rejalarini aniqlashmoqda. Football-Asian.com saytining yozishicha, bu ikki jamoa 10 va 14 oktyabr kunlari Paragvay va Braziliyaga qarshi uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan. Paragvayga qarshi uchrashuv allaqachon tasdiqlangan, Braziliya bilan bahs esa muzokaralarning yakuniy bosqichida.