Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, Afg‘oniston O‘zbekistondan yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lov bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajaryapti. Oldingi hukumatning qarzlarini ham hozirgi hukumat to‘liq to‘lagan. «Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasini qurish yakunlangach, Afg‘onistonga elektroenergiya eksporti bir necha karraga oshishi kutilyapti.
Afg‘oniston tomoni O‘zbekistondan yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lov bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajaryapti va ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Bu haqda 28 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov aytib o‘tdi.
«Afg‘oniston bilan hamkorlik qanaqa yaxshi ketyapti, rivojlanyapti. Men oxirgi ikki oy ichida uch marta bordim. Tinch, xudoga shukur. Ularning o‘zida ham rivojlanishga, umuman iqtisodiyotini rivojlantirishga harakatlar bor. Bu energiya resursisiz bo‘lmaydi.
Afg‘oniston yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lov bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajaryapti. Oldingi hukumatning qarzlarini ham hozirgi hukumat kelgandan keyin to‘liq yopdi. Mana kompaniyamiz rahbari aytsin: Afg‘oniston tomonidan iste’mol qilingan, biz yetkazib bergan elektroenergiya uchun to‘lov bo‘yicha umuman kechikish ham, boshqasi ham yo‘q», - dedi vazir.
Shuningdek, Mirzamahmudov «Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi boshlaganini ham ma’lum qildi.