2030 yilga borib O‘zbekiston 10−15 milliard kVt/soat elektr energiyasini xorijga eksport qila oladi. Bu haqda 6 noyabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Yevropa iqtisodiyoti kunlari mavzusida Spot nashriga bergan intervyusida energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.
«2030 yilda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 120−125 mlrd kVt/soat atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bizda ko‘plab generasiya ob’ektlari mavjud — taxminan 135 mlrd kVt/soat. Infratuzilma tayyor bo‘lishi bilan elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish mumkin», — dedi Energetika vazirligi rahbari o‘rinbosari.
Gap elektr energiyasini Yevropaga «kabel koridori» — «yashil yo‘lak» orqali yetkazib berish haqida bormoqda. O‘zbekiston 2030 yildan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan ortiqcha «yashil» elektr energiyasini Ozarboyjon orqali Yevropaga eksport qilishni rejalashtirmoqda. Iyulda Ostona shahrida O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston «Markaziy Osiyo — Ozarbayjon — Yevropa» «yashil energetika» yo‘lagini yaratish loyihasi bo‘yicha protokol imzolagandi. Bahorda Toshkentda bo‘lib o‘tgan investisiyaviy forumda energetika tizimlarini integrasiyalash bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangan.
Spot’ning Yevropaga eksport qilinadigan elektr energiyasi narxi haqidagi savoliga Mamadaminov narxni bozor belgilashi, lekin har kilovatt uchun kamida 4−5 sent bo‘lishini aytdi.