Bugun 6 iyul, 2025 yil, yakshanba

КИР

“Uzbekistan Airways”: xorijga parvoz qilish nega qimmat?

A A A
“Uzbekistan Airways”: xorijga parvoz qilish nega qimmat?

Havo isishi bilan ko‘pchilik yurtdoshlarimiz dam olish uchun biror bir mamlakatga ketishadi. Buning uchun albatta sayyohlik kompaniyalariga murojaat qilishlari tabiiy. Biroq, yurtdoshlarmiz tomonidan asosli e’tirozlar, joylardagi o‘rganishlar hamda mavjud ahvol ayrim yo‘nalishlar uchun aviachiptalar narxining haddan ziyod yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

AVIABILET NARXLARI ISTE’MOLCHILARNI QONIQTIRADIMI?

Qayd etish joizki, yurtimizda 11 ta aeroport mavjud bo‘lib, ular xalqaro maqomga ega. Joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyat aeroportlaridan 9302 ta qatnov amalga oshirilib, 969 427 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan.

So‘ngi yillarda mamlakatimizda fuqaro aviasiyasi sohasidagi boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish, aviatashuvlar bozorida raqobatni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo “Uzbekistan airways”da Turkiya, Rossiya, Misr yoki Dubayga uchish narxi xuddi shu yurtlarga Qozog‘istondan yoki Qirg‘izistondan uchishga qaraganda ikki barobar qimmat ekani bor gap. Bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi ekonom 4 mln. 700 ming so‘m, bizne klass esa 8 mln.512 mingni tashkil qilmoqda. Xolbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent–Moskva yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi ekonom 4 mln. 257 ming so‘m, biznes-klass esa 10 mln. 952 ming; Toshkent–Riga yo‘nalishi bo‘yicha 2 mln. 800 ming so‘m (parvoz vaqti – 5 soat 30 daqiqa), Toshkent – Nyu York yo‘nalishi bo‘yicha esa ekonom 6 mln. 500 ming so‘m, Biznes klass esa 21 mln 557ming so‘m (parvoz vaqti – 12 soat) etib belgilangan. Samolyotlar turlari esa deyarli bir xil. Ko‘rinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko‘p parvoz qilinadigan yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoridir. Bundan ko‘rinib turibdiki, oddiy ishchi chet el sayohatiga borishi uchun kamida 6 oy tinimsiz mehnat qilishi va ortiqcha xarajatlarsiz pul jamg‘arishi kerak. Albatta, aviachipta narxlari qimmatligi birinchi navbatda chetellik sayyohlarning yurtimizga tashrif buyurishlariga ham biroz to‘sqinlik qiladi.

Masalan, Istanbuldan Chimkentga uchayotgan xorijiy kompaniya samolyoti Istanbuldan Toshkentgacha ham shuncha vaqt, shuncha masofa va shuncha yo‘lovchi bilan uchadi, agar, zarar qilsa, uchmasdi...

 Aviachiptalar bo‘yicha xalqaro sayt hisoblangan “Anywayanyday” da ham chiptalar narxidagi farqni ko‘rish mumkin.

YURTDOSHLARIMIZ BUNGA NIMA DEYDI?

Aholi bilan joylarda o‘tkazilgan muloqotlar va tegishli tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mas’ullar narx belgilashda fuqarolarimiz tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyat (pandemiya) dan insofsizlarcha foydalanmoqda. Zotan, Qozog‘istonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida o‘tishga Qozog‘iston tomonidan pandemiya sababli taqiq qo‘yilgan va bizning mas’ullarimiz ana shunday sharoitda fuqarolarimiz majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan o‘z yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat qilishmoqda.

Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali so‘rov o‘tkazganimizda:

Charos Ilmuratova – 1300 $ bu ozmuncha pul emas, rashaga borgan odam bu pulni kamida konuniy xujjat taxlab ishlasa, 3 oyda topadi, bu uta noinsofsizlik, aeroportlarni ... kerak – degan bo‘lsa, Igor Raxmatov unga javoban, “xa man. Rossiya dan elektronniy bilet surasam 82000.r d di nimaga kimat deb surasam. Uzbekiston kilgan bizlar emas dedi. Aviakassadagi” – degan fikrni bilshirishgan bo‘lsa, yana bir fuqaro Mansurxon Ikramov – “Islohotlar boshladiku normalashib qolar Biletlarni narxini qimmatlashishiga faqat havo yoʻllari emas balkim unga tegishli va taʼminotchilarning yoqilgʻi moylash va boshqa mahsulot xizmatlarning manopoliya qilinib qimmat koʻrsatilishi boʻlishi mumkin” deb o‘z izohlarini qoldirishgan.

Albatta, yurtdoshlarimizning gaplarida jon bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda kuniga 2 mingga yaqin o‘zbekistonlik Qozog‘iston samolyotlari orqali parvoz qilmoqda. Buning sabablari nimada? Aslida milliy aviakompaniyamiz xalqimizga boshqa kompaniyalarga nisbatan eng qulay xizmatlarni taqdim etishi kerak emasmi?  Keyingi paytda Chimkent aeroporti xizmatidan foydalanish keng tus olmoqda. To‘g‘ri, Chimkentdan parvoz qilish arzonga tushadi. Ammo o‘zimizdan parvoz qilishning ham qulayliklari bor. Milliy aviakompaniyamiz qatnovlarida Istanbuldan istalgan klassda keladigan yo‘lovchining 30 kilogramm o‘lchamli pulsiz yuk limiti mavjud. Chimkentdan parvoz qiluvchilar uchun bunday limit ko‘rsatilmagan. Shuni ta’kidlash mumkinki, “Uzbekistan airways” shu vaqtgacha yagona monopol aviakompaniya edi. Alaloqibat, ishlash yoki boshqa maqsadlarda qo‘shni Qozog‘istonga ketayotgan fuqarolarimiz yana asossiz va ortiqcha xarajat qilishga majbur bo‘lishgani bor gap. Yaqinda unga raqobatdosh “Qanot Sharq” aviakopmaniyasi ish boshladi. Balki, narxlar bundan keyin biroz bo‘lsada miniallashar...

AVIACHIPTALAR NARXI NIMALARGA BOG‘LIQ?

Ba’zan charter reyslar nima o‘zi, bizga nega kerak degan tushunmovchiliklar ham kelib chiqdi. Charter reyslar sayyohlik operatorlari tomonidan sayyohlik mavsumi davomida tashkil etiladigan jarayon. Muntazam qatnovlar esa aviakompaniyalar tomonidan tashkillashtiriladi. Yoz mavsumida mahalliy sayyohlik agentliklari charter qatnovlariga buyurtma berish uchun Milliy aviakompaniyalarga murojaat qilishadi. Aviakompaniya majburiyatiga esa, samolyot, uchuvchi tarkibi hamda parvoz xavfsizligini ta’minlash kiradi. Shuningdek, Hindiston, Fransiya, Germaniya, Italiya, Latviya, AQSH, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning aviatashuvchilari O‘zbekistonga tenglik asosida qatnovlarni amalga oshirish uchun to‘la huquqqa ega va mamlakatimiz yuridik jihatdan ularga rad javobini bermaydi. Fuqaro qancha vaqtliroq, ya’ni oldinroq aviachipta sotib olsa, bilet shuncha arzonga tushadi. Qatnov kuni yaqinlashgani sari tariflar qimmatlashadi. Har bir klass uchun aviachiptalar narxi, qoidaga ko‘ra, oldindan tasdiqlanadi va narx keyinchalik o‘zgarmaydi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Aviakompaniya o‘zining imkoniyatlari va qulayliklari haqida qanchalik tushuntirishga urinmasin, mavjud kamchiliklardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Narxlarni minimallashtirish esa yurtdorshlarimizning Qozog‘iston yok Qirg‘iziston aviakompanichlari orqali parvoz qilish o‘rniga o‘zmizning milliy aviakompaniyamiz orqali parvoz qilishlariga zamin yaratadi.

 

Shahboz ABDUSATTOROV,

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish

jamiyatlari federasiyasi Matbuot xizmati xodimi

Kiritildi: 18:11 29.04.2021. O'qildi: 3559 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!