Bugun, 3 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida «O‘zbekgidroenergo» AJ: sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar va gidroenergetika sohasini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Jamiyat rahbariyati, ijro apparatining mas’ul xodimlari, soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etib, gidroenergetika tarmog‘idagi o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusi rejalar yuzasidan atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–sentyabr oylari Jamiyat faoliyatida salmoqli ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va muhim tarixiy natijalar bilan ahamiyatli bo‘ldi. Hisobot davrida 6 642,7 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, to‘qqiz oylik reja Jamiyat tarixida birinchi marta 120 foizga bajarildi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 124 foizni tashkil etdi.
Ishlab chiqarilgan elektr energiyasining qiymati 3 trln so‘mga yetdi. Eng muhimi, Jamiyat tarixida ilk bor kunlik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 50 mln kVt·soatlik marradan oshirildi. Bu natija mavjud gidroenergetika ob’ektlarining ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish va ish jarayonlarini maqbul tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir.