O‘zbekistonda suyultirilgan uglevodorod gazini iste’molchilarga avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari tomonidan maishiy gaz ballonlarida berish taqiqlandi.
Hukumat tomonidan 2 noyabrda imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks tegishli modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, suyultirilgan uglevodorod gazini chakana realizasiya qilish tartibini buzish deb nomlangan 101-1-moddaga ko‘ra, suyultirilgan uglevodorod gazini iste’molchilarga avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari tomonidan maishiy gaz ballonlarida berish BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 mln 320 ming so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu kodeks 211-1 va 211-2-moddalar bilan ham to‘ldirildi. Unga ko‘ra, bozorlar, savdo komplekslari va savdo-ko‘ngilochar markazlari mulkdorlarining uchinchi shaxslar hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga yong‘in yuzaga kelishi natijasida zarar yetkazganlik uchun o‘zining fuqarolik javobgarligini, shuningdek ushbu ob’ektlarni yong‘indan majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyatini bajarmasligi mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha (22 mln so‘mdan 33 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, yong‘in auditini o‘tkazishga oid qonunchilikda belgilangan talablar va shartlarni buzish fuqarolarga BHMning 15 baravari (6,6 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 30 baravari (13,2 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.