Bugun 5 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Samarqandda tiriklayin ko‘mib yuborilgan erkak komada yotib vafot etdi

Samarqandda tiriklayin ko‘mib yuborilgan erkak komada yotib vafot etdi

Samarqand viloyati Payariq tumanida bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklanib, tiriklayin ko‘mib yuborilgan 32 yoshli erkak qariyb bir oy komada yotib, vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, Navro‘z mahallasida yashagan 32 yoshli yigit tanishi bilan oshxonadan chiqib, uyiga ketayotganida ularning yo‘lini oq rangli Spark to‘sgan. Mashinadan tushgan shaxslar unga hujum qilib, boshiga armatura bilan ura boshlagan.

Voqea guvohining aytishicha, u o‘rtog‘ini himoya qilishga va hujum qilganlarning qo‘lidagi armaturani olib qo‘yishga uringan. Shu payt qolganlar unga ham tashlanib, toshlar bilan urgan.

Marhumning turmush o‘rtog‘ining ta’kidlashicha, eri tanib bo‘lmas darajada jarohatlangan va 28 kun komada yotgan.

Janjalga nima sabab bo‘lgani hozircha ochiqlanmagan. Marhumning akasi hujum qilganlarning barchasini ham yaxshi tanimasligini, ular bilan oilasi o‘rtasida adovat bo‘lmaganini bildirgan. Biroq voqeadan ikki kun oldin ukasi ular bilan janjallashib, yoqalashganini ko‘rganlar borligini aytgan.

Holat yuzasidan dastlab Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jabrlanuvchi vafot etgach, ish ushbu moddaning 3-qismi “d” bandiga qayta malakalangan.

Ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kiritildi: 15:26 04.11.2026. O'qildi: 849 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!