Sarlavhani o‘qib jahlingiz chiqishi tabiiy. Ammo fikrlarimni oxirigacha o‘qisangiz, qo‘shilasiz.
Oxirgi paytlarda o‘zbek qo‘shiqchilarining kliplarini ko‘rib, rosti, asabim buzila boshladi. Aksariyat sevgi haqidagi kliplarda bosh roldagi qiz o‘ynoqi, tirjayaveradi, notanish yigit (axir hali tanishib ulgurishmagandan keyin bosh qahramon yigit ham notanish bo‘ladi-da)ga qarab kulib ketaveradi, yigit esa izidan tushadi, qiz ortiga qarab-qarab qo‘yadi, yana tirjayadi, yigit esa bundan energiya olib yana ortidan qolmaydi.
Klip yakunida yigit o‘sha qizni sevib qoladi. Endi sizga savol, o‘ziga gap otgan notanish yigitga kulib qarab qo‘ygan, hadeganda o‘sha yigitga tirjayaveradigan, yana allambalo kalta-kulta kiyinib olgan qizlarni qanday atash mumkin? Hech zamonda aqlli o‘zbek qizi begona yigitga tag‘in o‘ziga gap otsa, kulib qaramaydi-ku! Qovog‘ini solib, indamay o‘tib ketadi va hokazo.
Nima, qo‘shiqchilarimiz yoki klipmeykerlarimizning saviyasi shunchalik pastmi? Nahotki ular o‘zbek yigitlari bunaqa yengiltak qizlarni hech qachon sevib qolishini tushunishmasa... Eng yomoni, aksariyat kliplarda shu manzara. Qiz o‘zini reklama qiladi, bu reklama esa yigitning e’tiborini tortadi va muhabbat tug‘iladi. Bu muhabbat emas, vaholanki. Nahotki yosh avlodga sevgi tushunchasini shunaqa sayoz yetkazib bersak...
Yana bir jiddiy e’tiroz. Klip aslida qo‘shiqda aks ettirilgan holatni ifodalashi kerak. Bizda esa qo‘shiq bog‘dan, klip tog‘dan keladi. Masalan, yaqinda bir xonandaning qo‘shig‘ini eshitdim, klipini ham ko‘rdim. Qo‘shiqda xonanda "Bevafo, nega tashlab ketding, xiyonat qilding", deyapti. Klipda esa ayol farzandini dunyoga keltirayotgan paytda olamdan o‘tadi. Qani bu yerda mantiq? Qani bu yerda bog‘liqlik?
Iltimos, hurmatli san’atkorlar, klipmeykerlar, rejessyolar va eng muhimi ana shu tuturiqsiz kliplarni tasdiqdan o‘tkazayotgan badiiy kengash, kliplarni televizorda namoyish etishga ruxsat berayotganda sal ma’naviyatga ham qarang.