O‘zbekiston futbolida katta o‘zgarishlar davri boshlanmoqda. Prezidentning yangi qaroriga muvofiq, Superliga klublarini moliyaviy sog‘lomlashtirish va bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha aniq «yo‘l xaritasi» belgilandi.
2026 yilda Superliganing 16 ta klubiga davlat tomonidan jami 35 milliard so‘mdan mablag‘ ajratildi. Biroq bu «bepul sovg‘a» emas, balki mustaqillikka o‘tish davri uchun berilgan imkoniyatdir. Qarorga ko‘ra, ajratiladigan mablag‘ miqdori yil sayin kamayib boradi:
2026 yil: 35 milliard so‘m;
2027 yil: 30 milliard so‘m;
2028 yil: 25 milliard so‘m.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — 2030 yilga qadar klublarni to‘liq xususiylashtirish va ularni homiylar hisobiga kun ko‘radigan professional tizimga o‘tkazishdir.
Klublarni faqat davlat yelkasida qoldirmaslik uchun yangi mexanizm joriy etilmoqda. 2026 yildan boshlab futbol klublariga homiylik qiladigan xususiy kompaniyalarga davlat tomonidan imtiyozlar beriladi. Bu esa tadbirkorlar uchun futbolga sarmoya kiritishni nafaqat nufuzli, balki foydali ishga aylantirishi kutilmoqda.
Yil boshida «O‘zbekneftgaz» kompaniyasining «Bunyodkor», «Nasaf» va «Buxoro» klublaridan voz kechishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Ayni damda:
«Nasaf» Qashqadaryo viloyati hokimligi;
«Buxoro» esa Buxoro viloyati hokimligi qaramog‘iga o‘tgan.
Shu bilan birga, «Bunyodkor», «Dinamo» va «Surxon» klublaridagi moliyaviy qiyinchiliklar alohida nazoratga olingan. Yangi ajratilgan mablag‘lar ushbu klublar uchun «havo va suvdek» zarur ekani shubhasiz.