Bugun 13 avgust, 2025 yil, chorshanba

КИР

O‘zbek jamiyati "qabul qilolmaydigan" bolalar. Autistlar kim?

A A A
O‘zbek jamiyati "qabul qilolmaydigan" bolalar. Autistlar kim?

O‘zbekistonda odamlar ko‘pincha bolalardagi DEGS, autizm va disleksiya singari holatlar haqida eshitmagan. Yaqin yaqingacha bolalarga autizm o‘rniga shizofreniya tashxisi qo‘yilgan. Mamlakatda autizm tashxisi qo‘yilgan, DEGS yoki disleksiyaga chalingan bolalarning soni haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi hech qanday ma’lumot bermaydi. Ilk marta autizm tashxisi 2010 yilda qo‘yilgan, bu ham Toshkentdagi autistlar haqidagi yorliqlarga qarshi kurashuvchi Farhod Ortiqboyevning o‘g‘li Muhammadali uchun qat’iy turib olgani sabab bo‘lgan.

Oktyabr Diqqat yetishmasligi va giperfaollik sindromi (DEGS) tashxisidan jamoatchilik xabardorligini oshirish oyi hisoblanadi. Shu munosabat bilan UzAnalytics tahlil saytida bolalardagi DEGS, autizm va disleksiya holatlariga bag‘ishlangan maqola chiqibdi. Togri.uz maqolani juzi o‘zgartirishlar bilan qayta chop etmoqda.

O‘zbekistonda autizm haqida nisbatan yaqinda gapira boshlashdi, u hamon qo‘rqinchli va tushunarsiz narsadek tuyuladi. Odamlar ko‘pincha bolalardagi DEGS, autizm va disleksiya singari holatlar haqida eshitmagan ham. Yaqin yaqingacha bolalarga autizm o‘rniga shizofreniya tashxisi qo‘yilgan. Mamlakatda qancha autizm tashxisi qo‘yilgan, DEGS yoki disleksiyaga chalingan bolalarning soni haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi hech qanday ma’lumot bermaydi. Ilk marta autizm tashxisi 2010 yilda qo‘yilgan, bu ham Toshkentdagi autistlar haqidagi yorliqlarga qarshi kurashuvchi Farhod Ortiqboyevning o‘g‘li Muhammadali uchun qat’iy turib olgani sabab bo‘lgan.

"Statistik ma’lumotlar yo‘q, − deydi Farhod Ortiqboyev. – Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi ro‘yxatiga 400 autist bola kiritilgan, lekin shaxsan o‘zim autist farzandi bor 1000 ga yaqin oilani bilaman. Aslida ular bundan ham ko‘p, ammo ota-onalar bu kabi farzandlarini bekitib yuradi”.

Eng muhimi, mamlakatda ruhiy sindromlarni keng qamrovli tushunish rivoj topmagan, autizm sindromiga tashxis qo‘yib beradigan mutaxassislar deyarli yo‘q, ular barmoq bilan sanarli.

DEGS, Autizm va disleksiya o‘zi nima

Bular ruhiy salomatligining jiddiy buzilishini anglatmaydi, shuning uchun mutaxassislar ayrim hollarda ularni kasallik emas, holat deb atashi mumkin. Ya’ni, buning ma’nosi shuki, muammoning jiddiyligi bir shaxsda boshqasidan farq qiladi.

DEGS – Bolalarda diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi (inglizcha Attention Deficit Hyperactivity Disorder – ADHD) belgilari xulq-atvor bilan bog‘liq muammolarning ikki turi sifatida toifalanishi mumkin: 1) diqqatni jamlay olmaslik hamda tinib-tinchimaslik va 2) o‘ylamasdan harakat qilish (impulsivlik). DEGS yana Diqqatni jamlay olmaslik (Attention Deficit Disorder) deb ham ataladi. Buning asosiy belgilari bola e’tiborining oson chalg‘ishi va diqqat qilish vaqtining (attention span) qisqaligida ko‘rinadi. U e’tiborsiz xatolar qilishi, narsalarni unutib qoldirishi, yo‘qotishi hamda gapga quloq solmasligi va ko‘rsatmalarni bajarmasligi mumkin. Bolalar yig‘inchoqlik borasida qiyinchiliklarga duch keladi. Giperaktivlik va impulsivlik tinch o‘tira olmaslik, ko‘p gapirish, navbat kutib turishga toqat yo‘qligi, o‘ylamay harakat qilish, hamma narsaga qo‘shilib ketaverish va qo‘rquv hissining yo‘qligida ko‘zga tashlanadi.

Autizm – Bu yosh bolaning ismini aytib chaqirilganda javob bermaslik, ko‘zga tik qarashdan qochish va kulib qaraganga javob qaytarmaslik holatlarida namoyon bo‘ladi. Bolalar takroriy harakatlar qiladi; biror tovushni eshitganda, biror hidni sezganda yoki ta’mni tatib ko‘rganda, xafa bo‘lishi mumkin. Ular boshqa bolalarga o‘xshab ko‘p gapira olmasligi yoki gaplarni takror-takror aytishi mumkin. Katta yoshdagi bolalar autizmi boshqalar nimani o‘ylayotgani yoki his etayotganini tushunish imkonini bermaydi. Nimani his qilayotganini ifoda qilishda qiynaladi. Bunday bolalar kun tartibini yaxshi ko‘radi, uning o‘zgarishini aslo istamaydi. Ba’zan do‘st orttirish uchun jon-jahdi bilan harakat qiladi. Ko‘pincha majoziy so‘zlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunadi, masalan, “qovun tushirish” kabi iboralarni qo‘lidan qovunni tushirib yuborish deb tushunadi.

Disleksiya so‘z yoki sonlarni tushunib olish bilan bog‘liq muammolarni anglatadi. Bolalar, aqlli va o‘rganish ishtiyoqi baland bo‘lishiga qaramay, o‘qishni o‘rganishda muammolarga duch kelishi mumkin. Disleksiya alomatlari odatda bola maktabga borganida hamda o‘qish va yozishni o‘rganish uchun diqqatini jamlayotganida yuzaga chiqadi. U juda sekin o‘qishi va yozishi, so‘zlardagi harflar tartibini chalkashtirib yuborishi, harflarni noto‘g‘ri yozishi, og‘zaki axborotni tushunishi, ammo yozilgan axborotni tushunishda qiynalishi mumkin. Ular ko‘rsatmalarni ketma-ket bajarishda hamda rejalashtirish va biror narsani tashkil qilishda mushkul ahvolga tushib qoladi.

DEGS, Autizm va disleksiyaga tashxis qo‘yish va yondashuv

Bu ruhiy holatlarga tashxis tibbiy tekshiruv orqali emas, alomat va kuzatuvlar orqali qo‘yiladi.

DEGSga kelsak, uning 3 turi mavjud: diqqat yetishmasligi, giperaktivlik/impulsivlik va aralash tur. AQSh va Buyuk Britaniyada tashxis kamida 6 oyda ko‘zga tashlangan alomatlarga asoslangan holda qo‘yiladi. Alomatlarning yuqorida qayd etilgan ro‘yxati surunkali bo‘lishi, inson faoliyatini buzishi hamda bola yoshiga nisbatan rivojlanishda ortda qolayotganiga sabab bo‘lishi lozim. Bunday holatlar tashxis qo‘yish uchun yetarli asosga ega bo‘lishi uchun uyda ham, maktabda ham ro‘y berishi lozim. Buning uchun bolaning qanday o‘zlashtirayotganini baholaydigan Konners singari testlardan foydalaniladi. 6 – 18 yashar bolalar ham so‘rovnoma savollariga o‘zi javob berishi mumkin, bu ularning holatini baholashda ko‘maklashadi.

Ushbu yondashuvda tibbiy va tibbiy bo‘lmagan (kognitiv xulq-atvor terapiyasi) usullar qo‘llanadi. Bu alomatlarni yengillatish va holat bilan bog‘liq muammoni kamaytirishda yordam beradi.

Britaniya va Amerikadagi shifokorlar ikkala usulning birikmasini tavsiya qiladi. Ayrim dorilar tarkibida metilfenidat, deksamfetamin, lizdeksamfetamin, atomoksetin va guanfasin bor. Ular diqqatni jamlash, impulsivlikni kamaytirish, xotirjamlik va o‘qib-o‘rganishda yordam beradi.

Laboratoriya analizlari orqali autizmga tashxis qo‘yib bo‘lmaydi. Shifokorlar yosh bolalarning xatti-harakatlarini kuzatish va ota-onalarining xavotirlarini tinglashdan kelib chiqib xulosa qiladi. Autizm spektri holatining (ASD) juda ko‘p alomatlari mavjud. Ayrim “spektrda”gi kishilar og‘ir ruhiy xastaliklarga chalingan bo‘ladi. Boshqalari esa juda aqlli bo‘lib, mustaqil yashay oladi. Shifokorlar quyidagi faktlarni ko‘rib chiqadi: 

  • a) chaqaloqning 6 oylik bo‘lganda kulishi; 
  • b) 9 oylik bo‘lganda tovush va yuz ifodalariga taqlid qilishi; 
  • v) 12 oyligida nimalarnidir gapirmoqchi bo‘lishi va 
  • g) g‘ayrioddiy yoki takrorlanayotgan xatti-harakatlari, ko‘zga tik qarash bilan bog‘liq muammolar va bolaning odamlar bilan munosabatlari.

    Agar bular bo‘lmasa, shundan so‘ng baholashga kirishiladi. Bola boshqalarning harakatlarini tushunadimi? U yorug‘lik, shovqin va haroratga sezgirmi? Uxlashi va ovqat hazm qilishida muammolar bormi? Kundalik hayotidagi o‘zgarishlarni yomon ko‘radimi?

    Maxsus vebsaytlarda qayd etilishicha, bola autizm spektriga tushishi uchun ikkita toifa bilan bog‘liq muammolari bo‘lishi kerak: 1) muloqot va ijtimoiy munosabatlar bilan bog‘liq muammolar va 2) xulq-atvorning cheklangan va takrorlangan modellari.

Jadal individual aralashuvlar, jumladan, xulq-atvor, ta’lim va psixologik komponentlar autizm holatiga yondashuvning eng samarali usullaridir. Yondashuvni erta bolalikdan boshlash yaxshi natijaga erishish ehtimolini oshiradi. Autizm alomatlari va belgilarini aniqlash uchun chaqaloq va kichkintoylarni doimiy tarzda tekshirtirib turish muhim ahamiyatga ega.

Yondashuv xulq-atvor, kommunikativ terapiya va ayrim alomatlar uchun dorilarni o‘z ichiga oladi. Xulq-atvorning amaliy tahlilidan (Applied Behavior Analysis – ABA) ko‘pincha bolaga ijobiy xulq-atvorni o‘rganish va salbiy xulq-atvorni kamaytirishda yordam berish uchun maktablar va shifoxonalarda foydalaniladi. Bunday yondashuv keng qamrovli ko‘nikmalarni oshirish uchun qo‘llanishini mumkin, turli vaziyatlar uchun har xil turlari mavjud. “Floortime” deb atalgan yondashuvda ota-onalar bola bilan o‘ynash uchun polga o‘tirishi va u yoqtirgan harakatlarni bajarishi ko‘zda tutiladi. U muloqot va hissiyot bilan bog‘liq ko‘nikmalarni egallashida yordam berish uchun hissiy va aqliy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan. Yana bir yondashuvga ko‘ra, bolaga kiyinish singari kundalik ko‘nikmalarni egallashida ko‘maklashish uchun suratli kartalar singari vizual ishoralardan foydalanish lozim bo‘ladi. U yaxshilab o‘rganishi uchun ma’lumotlar kichik bosqichlarga bo‘linadi.

Disleksiyaga tashxis qo‘yish haqida gap ketganda, shuni qayd etish lozimki, tibbiy ko‘rik vaqtida bolaning o‘qish va yozish qobiliyati, nutqi rivojlangani va so‘z boyligi, mantiqiy fikrlashi, xotirasi vizual va tovushli axborotni qayta ishlay olish tezligi, tashkilotchilik ko‘nikmalari va o‘qib-o‘rganishga yondashuvlari tekshiriladi. Bunda bir qancha ta’lim aralashuvlari va dasturlaridan foydalaniladi. Ular o‘qituvchilar belgilab bergan ishlarni bajaradigan va bolaga o‘qishida ko‘maklashadigan yordamchisi bor kichik guruhlarda doimiy o‘qitishdan tortib, mutaxassis o‘qituvchining individual darslarigacha qamrab oladi. Buyuk Britaniyada maktabga ushbu ishni bajarish uchun qo‘shimcha moliyaviy mablag‘ ajratiladi. Bolalarning ta’lim olishiga kompyuter daftardan ko‘ra yaxshiroq yordam berishi mumkin. Bu katta yoshdagi bolalarga taalluqli.

Bu ruhiy holatlar bilan bog‘liq uydirmalar va hadiksirashlar

Ushbu holatlar dunyoda nisbatan yangi bo‘lgani uchun hatto rivojlangan mamlakatlarda ham ayni masalalarga oid uydirmalar ko‘p uchraydi.

Uydirma 1. O‘g‘il bolalarda ko‘proq uchraydi

Ba’zilar DEGS, disleksiya va autizm ko‘proq o‘g‘il bolalar o‘rtasida tarqalgan deb o‘ylaydi. Bu noto‘g‘ri. Aslida DEGS tashxisi qo‘yilgan qizlar ko‘proq e’tiborsiz bo‘ladi, shuning uchun ulardagi ushbu holatni aniqlash qiyin. Natija: tashxis qo‘yilgan o‘g‘il bolalar soni (13,2 foiz) qizlarga nisbatan (5,6 foiz) ko‘proq. Qizlarga ba’zan umri davomida tashxis qo‘yilmaydi yoki xavotir olish oqibatida noto‘g‘ri tashxis qo‘yiladi.

Umuman olganda, autizmga chalingan qizlar ijtimoiy vaziyat bilan bog‘liq muammolarni yaxshiroq hal etadi yoki ayollar bilan qizlar qiyinchiliklarini yaxshiroq niqoblaydi yoki ko‘zdan yashiradi, ya’ni ularni boshqalar payqamay qolishi mumkin.

Xuddi shu tarzda o‘g‘il bolalarga ham dislekiya tashxisi qo‘yiladi, lekin bu asosan bolalar bunday holatga tushishini anglatmaydi!

O‘tkazilgan bir tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, erkaklar bilan ayollarning disleksiyaga chalingan miyasi aynan bir xil bo‘lmaydi.

Uydirma 2. Turli ozuqalar yoki emlash bu holatlarga sabab bo‘ladi

Ba’zi holatlarga oziq-ovqat ta’sir etishi aytiladi, ammo bu 100 foiz isbotlangan emas. Ekspertlar autizmga chalingan bolalar uchun birorta muayyan parhezni tavsiya etmaydi, ammo to‘g‘ri ovqatlanish zarur. Ba’zan ASDga chalingan bolalar ota-onalari alomatlar yaxshilanishiga yordam berishini ko‘rmoqchi bo‘lib, glyuten (don tarkibida bo‘ladigan oqsilli shilimshiq modda) singari narsalarni ularga bermaslikka harakat qiladi. Shunga qaramasdan, ular rasionidan glyuten bilan kazeinni (bug‘doy va sut mahsulotlari tarkibidagi oqsillar) olib tashlash autizm spektri holatida foydali ekanini aniqlaydigan yetarli tadqiqot o‘tkazilgani yo‘q. Bundan tashqari, sut mahsulotlari singari oziq-ovqat mahsulotlarini cheklash suyaklarning to‘g‘ri rivojlanishiga xalaqit beradi. Odatda autizm spektri holatiga chalingan bolalar suyaklari ingichkaroq bo‘ladi, shuning uchun suyaklarni mustahkamlaydigan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda AQShda to‘g‘ri parhez holat alomatlarini yengillashtirishini tekshirish uchun maxsus ovqatlanish dasturlari mavjud.

DEGS bilan bog‘liq hollarda shakar bolalarni o‘ta tinib-tinchimas qilishi haqidagi umumiy taxminlar mavjud, biroq buni tasdiqlash uchun yetarli darajada tadqiqotlar o‘tkazilgan emas. Ammo sog‘lom ovqatlanish shakarni keragidan ortiq iste’mol qilgandan ko‘ra yaxshiroqdir. Bundan tashqari, DEGSga chalingan bolalarning jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi tanada dopamin moddasini sog‘lom tarzda ko‘paytirgani uchun ham foydalidir. Ammo kattaroq yoshda kofein singari moddalar ham dopaminni ko‘paytiradi, lekin uning miqdori haddan ziyod oshib ketishi kerak emas – bu asablarni o‘ta qo‘zg‘atib yuboradi.

Uydirma 3. Ayb – tarbiyada

Zikr etilgan holatlardan hech birining na tarbiyaga, na qattiqqo‘l bo‘lishga va yoki bola bilan ko‘proq ishlashga daxli bor. Bola bilan o‘ynash, tarbiyalash uning ta’lim olishida qatnashish singari yordam beradi, biroq bu holatlar genetika bilan bog‘liq. Shu sababli bolaning ota-onasini hech qachon ayblamaslik kerak. Giperaktiv, disleksik va autist bolalarnig ota-onalari qo‘lidan kelgan hamma ishni qiladi. Ota-onalar insonning qanday tug‘ilishi, miyasi qanday rivojlanishi yoki ishlashiga ta’sir ko‘rsata olmaydi.

Uydirma 4. Ularning aksariyati nogironlik emas

Bu ruhiy holatlar aynan nogironlik sifatida tan olinishi kerak. DEGSga tashxis qo‘yilmasa va to‘g‘ri yondashuv qo‘llanilmasa, bu holat maktab va ishda, o‘zaro munosabatlarda qiyinchiliklar tug‘diradi hamda spirtli ichimliklar ichish, chekish va narkotiklar iste’mol qilish bilan o‘zini “davolash” singari nosog‘lom urinishlarga sabab bo‘ladi.

Autizm ham ijtimoiy munosabatlar va do‘st orttirishda muammolarga olib keladi. Odamlar shovqin yoki boshqa chalg‘ituvchi holatlardan xafa bo‘lishi mumkin. Disleksiya ham muammolarni keltirib chiqaradi. Ushbu holatga chalingan bolalarga erinchoq, zaif va boshqa shunga o‘xshash ayblar taqalishi mumkin.

Rivojlangan davlatlarda uchta holatning barchasiga nogironlik deb qaraladi hamda holatlar og‘irligiga qarab, ularga chalinganlar ijtimoiy yordam olish huquqiga ega bo‘ladi. Buyuk Britaniyada bolalar o‘qishida yordam olish uchun maxsus ta’lim ehtiyojlarini qoplash maqsadida ro‘yxatga tirkaladi. Ayrim nogironligi bo‘lgan bolalar maktablarda o‘qishi mumkin, o‘qiydi ham, ayrimlari esa ixtisoslashtirilgan maktablarga qatnaydi.

Uydirma 5. DEGS, autizm yoki disleksiyaga chalinganlar daho bo‘ladi

Ayrim hollarda qo‘yilgan tashxisning ijobiy jihatlari ham yo‘q emas. Masalan, DEGSga chalingan bolalar qiziquvchan bo‘ladi, biror narsa yoqib qolsa, o‘sha narsaga diqqatini haddan ziyod jamlay oladi va kreativ bo‘ladi. Uill Smit, Mishel Rodriges va Jim Kerri singari aktyorlar, Jastin Timberleyk va Solanj Noulz kabi qo‘shiqchilar DEGS holati aniqlangan kishilardir. Olimpiada chempioni Maykl Felpsning onasi uning tinib-tinchimas tabiatini mashhur suzuvchi bo‘lishi tomon yo‘naltira bildi.

Ijobiy jihatlar bilan bog‘liq autizmning ma’nosi shuki, bolalar ayrim fanlarga qattiq qiziqib qoladi va ushbu muayyan qiziqishi bilan tengdoshlaridan ustun turadi. Aktyor Entoni Hopkinsga va “Pokemon” o‘yini asoschisi Satoshi Tajiriga Asperger sindromi tashxisi qo‘yilgan. Kompozitor va pianinochi Mett Savaj 6 yoshga kirganida musiqa chalishni mustaqil o‘rgandi. Qo‘shiqchi Syuzan Boyl xam autizmga chalingan ayol. Orlando Blum va Tom Kruz singari aktyorlar va katta ehtimol bilan Stiv Jobs disleksiyaga chalingan kishilardir. Bunday kishilar narsalarga o‘zgalarga nisbatan boshqacha qarashi, ya’ni kattaroq manzarani ko‘rishi mumkin.

Ammo barcha DEGS, autizm va disleksiya tashxisi qo‘yilgan kishilar ham yuksak mehnat qobiliyatiga ega emas, ayrimlari yashash uchun kurashga va kundalik ko‘makka muhtoj. Ayrim holatlar jiddiy bo‘lgani uchun muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda ruhiy xastalar oldidagi muammolar

Ruhiy holatlar va uni nogironlik sifatida ko‘rish jahonda, hatto ayrim rivojlangan mamlakatlarda ham nisbatan “yangi” hisoblanadi. Bu mamlakatlarda autizm va DEGS holatlariga chalingan bolalar bemalol oliy ta’lim olishi mumkin, O‘zbekistonda esa Farhod Ortiqboyev aytishicha, “autizmga chalingan bolalar maxsus maktablarni bitirgandan so‘ng hatto universitetlarga ham kira olmaydi”. Bunday bolalarga hamma oladigan attestat berilmaydi, bu hujjat bilan hatto kollejlarga ham qabul qilishmaydi.

‒ Bu kamsitishdan boshqa narsa emas, chunki ko‘p bolalar kollej va universitetlarda o‘qishi mumkin, ‒ deydi Farhod Ortiqboyev.

Mutaxassislarga ko‘ra, O‘zbekistonda asosan ota-onalar farzandlarining inklyuziyasi uchun kurashyapti. Hukumat ularning ovozini eshitishi zarur. Davlat darajasida ko‘p ishlar qilinishi kerak.

Muallif: Zaynab Muhammad Do‘st

Kiritildi: 08:00 08.10.2019. O'qildi: 7657 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!