O‘zbek futboli faxriysi, ko‘plab futbolchilarning ustozi bo‘lgan Valeriy Lyotkin vafot etdi.
Valeriy Nikolayevich Lyotkin 1945 yilning 25 noyabr kuni tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatida himoyachi ampluasida harakat qilgan. 1963 yil "Paxtakor" safida katta futbolga kirib kelgan Lyotkin turli yillarda "Andijon", "Paxta-Aral", "Tashavtomash", "Torpedo" (Kokshetau) kabi klublarda to‘p tepgan.
1973 yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan Lyotkin "Traktor" (Toshkent), "Spartak" (Semipalatinsk), "Bo‘ston" (Jizzax), "Sohibkor" (Xalqobod), "Mash’al" (Muborak), "Metallurg" (Bekobod) jamoalarida ishlagan.
Bir necha yil davomida O‘zbekiston Professional futbol ligasida ham faoliyat olib bordi.
2022 yilda O‘zbek futbolining 110 yilligi munosabati bilan O‘FA faxriylar kengashi a’zolari va OAV vakillari Valeriy Lyotkin xonadoniga tashrif buyurishgan edi (quyidagi suratlar o‘sha uchrashuvdan). Uchrashuv davomida Valeriy Nikolayevichning yorqin faoliyati va o‘zbek futboliga qo‘shgan hissasi eslab o‘tilgandi. Futbol faxriysiga o‘zbek futbolining 110 yilligiga bag‘ishlangan ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari topshirilgan edi.