«Tanaffus» davomida kompaniya navbatlarni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldi va kompaniya 3 martdan boshlab Chevrolet Lacetti, Cobalt, Nexia va Spark avtomobillari uchun shartnomalar qayta tiklanishi haqida rasman ma’lum qiladi.
Kompaniya pandemiya davrini yarimo‘tkazgichlarning global tanqisligi va logistik inqiroz shuningdek, milliy valyuta inflyasiyasiga qaramay, boshqa mamlakatlardagi avtomobil ishlab chiqaruvchilar orasida eng yaxshi natijalar bilan o‘tkazdi: Ikki yilda avtomobillarning umumiy qiymati o‘zgarmadi, chet el valyutasida esa hatto arzonlashdi (14%), zavod o‘z faoliyatini to‘xtatmay, barcha ish o‘rinlarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. UzAuto Motors zavodlari faoliyatiga 300 dan ortiq yetkazib beruvchilar, 100 dan ortiq savdo va servis dilerlik korxonalari va turdosh sanoat tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan 200 mingdan ortiq xodimlar jalb qilingan.
Bundan tashqari, kompaniya 2020 yilda pandemiyaning eng yuqori cho‘qqisida barcha ishlab chiqarish rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldi: uch yil ichida ishlab chiqarish hajmi 1.8 baravarga ko‘paydi va 280 ming avtomobilni tashkil etdi. So‘nggi uch yil ichida esa 786 mingta avtomobil ishlab chiqarildi. Bu avvalgi uch yilga nisbatan ishlab chiqarish 1,8 barobarga oshganini ko‘rsatadi. Kompaniya 2019 yildan boshlab davlat imtiyozlaridan bosqichma-bosqich voz kechishni amalga oshirdi. Buning natijasida UzAuto Motors va tarmoq korxonalari birgina o‘tgan yilning o‘zida budjetga 5,36 trln so‘m to‘lagan bo‘lsa, bu 2018 yilga nisbatan 3 barobar ko‘p, so‘nggi uch yilda esa 13.11 trillion so‘mni tashkil etdi.
Ammo global logistika inqirozi ko‘plab ishlab chiqaruvchilarga ta’sir o‘tkaza oldi. Agar 2019 yilda avtomobil ehtiyot qismlarini yetkazib berish muddati 30-40 kun oralig‘ida tebrangan bo‘lsa, bitta konteynerni Janubi-G‘arbiy Osiyodan O‘zbekistonga olib o‘tishning o‘rtacha narxi 4,5-5,0 ming dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Janubiy Koreya, Xitoy va Rossiya dengiz portlaridagi tig‘izlik ushbu muddatni 6 oygacha cho‘zilishi va bitta konteyner tashishning narxi 12-14 ming dollarni tashkil qildi.
Kutilmagan global logistika inqirozidan tashqari, xomashyo narxlarining ko‘tarilishi kompaniya ahvolini sezilarli darajada murakkablashtirdi; barcha boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarni so‘nggi ikki yil ichida narxlarni 20-40% ga oshirishga majbur qildi. 2020 yildan boshlab xomashyo narxi sezilarli darajada oshdi, xususan, po‘lat 70 foizga, mis 64 foizga, alyuminiy qotishmalari 76 foizga, polimerlar 60 foizga qimmatlashdi.
Barcha faktorlar, jumladan, xom ashyo va material narxining oshishi, logistika xarajatlarining sezilarli darajada qimmatlashishi va boshqa omillar avtomobillar tannarxining modelga qarab 1,8-3,1 ming dollarga oshishiga olib keldi.
Bu yil pandemiya va xomashyo narxining oshishi bilan bog‘liq global inqirozlar bilan cheklanib qolmadi. Butun dunyo muammolariga so‘nggi paytlarda Yevroosiyo mintaqasidagi geosiyosiy vaziyat ham qo‘shildi. Xalqaro notinchlik vaqtida korxonalarda ishlab chiqarish jarayonini ta’minlash uchun ta’minot zanjiri uzluksizligini ta’minlash murakkab jarayonligini hisobga olsak, har qanday holatda ham korxonalarning konveyerlarning to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymasdan ishlashini ta’minlash juda muhimdir.