Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Uylanayotgan o‘g‘lingmi yo hakalak otgan nafsing?

Uylanayotgan o‘g‘lingmi yo hakalak otgan nafsing?

Bir ayolni bilaman. O‘zining nazdidagi yaxshi kelin izlab qariyb uch yildan buyon mahallama-mahalla, shaharma-shahar kezadi. Albatta, yaxshi qizlar ko‘p, judayam ko‘p. Ammo u ayolning o‘ziga xos mezonlari bor. Ana shu «mezon»larga mosini qidiradi, izlaydi. Bu qanday mezonlar ekan, deysizmi? Marhamat, unda eshiting.

«Bir yaxshi qiz yo‘q. Hamma qizlar buzilib ketibdi. Bir joyga boruvdik, qizi yaxshiga o‘xshadi. Ammo, oila bechorahol, rosa kambag‘al ekan. O‘g‘limning o‘rtoqlari millionerlarga kuyov bo‘lib, hozir yog‘li joylarda ishlab, mashinalarning «doda»sini minib yuribdi. O‘g‘lim endi o‘sha tagi pastlarga kuyov bo‘ladimi, deb qaytib keldim. Bittasining yolg‘iz qizi bor ekan. Chiroyli, oliy ma’lumotli. Ammo ota-onasi ikki xonali uyda yashashar ekan. Mayli, shunday bo‘lsa ham qizidan boshqa merosxo‘ri yo‘q ekan-ku, yana nima bera olar ekan, – deb sovchilikka bordik. Yo‘q, onasi nogironlik nafaqasida, otasi o‘qituvchi, qizi ham bu yil o‘qituvchi bo‘lib ishga joylashibdi. Qarasam onasining ahvoli chatoq, bu nogiron ayol men orzu qilgan sepu, «bordi-keldi»ni qilolmasligi aniq.
Bir o‘g‘il, bir qizi bor, katta hovlida yashaydigan oilaga sovchilikka bordik. Bu dang‘illama uyni shu o‘g‘il va qizga deb, qurgansizlarda shundaymi, – deya og‘iz solsam, buvisi «Hovli o‘g‘ilniki, chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari» desa bo‘ladimi? «Voy, sizlarda uy-joydan qizga haq ajratib berish yo‘qmi?» deb so‘rasam, buvisi «Siz kelin izlab keldingizmi yoki hovliga xaridormisiz?» – deya shang‘illab bersa bo‘ladimi. Yaxshiyam oldindan so‘raganim, sal qoldi-ya, uy-joyda haqqi yo‘q, ado-gado­ga qaynona bo‘lib qolishimga.
Bittasiga borsam, qizi universitetda kontraktda o‘qir ekan. «To‘ydan keyin kontraktni kuyov tomon to‘laydi», – deydi so‘ljayib. Bizga byudjetda o‘qiydigan, aqlli qiz kerak, qizing boshingdan qolsin, – deb chiqib keldim. Bir oilaga borgan edim, o‘g‘limni rosa surishtirishga tushdi. Savol ustiga savol. Ularga quda bo‘lganimdan keyin ham o‘g‘limdan kamchilik topsa, boshimni og‘ritmayin, – deb qaytib keldim…
Shu qo‘shnilarga ham hayronman, bir yaxshi joyga quda bo‘lamiz desak, ko‘rolmay qaytarib yuboribdi. Mahallaning ham do‘stligi yo‘q. Bir tuzukroq joyni mo‘ljallab tursak, qiz tomon kelib-kelib mahalla profilaktika noziridan so‘rabdi. Ichiqora melisa o‘g‘limning qamalib chiqqanini aytgan-da. Yana bittasi kelib mahalla raisidan so‘rasa «U bola hali hayotga tayyor emas, oilani boshqarib ketolmaydi», – degan emish. Nima qilasan shu tomonini aytib? Uylangandan keyin bosilib qolar, uyda xotini bo‘lsa ko‘cha bezoriligini yig‘ishtirar, uyga kirar, ishga chiqib ketar. Eh, qancha-qancha yaxshi niyatlarim bor. U yaxshi niyatlarning hammasi kelin orqali bo‘ladi-da. Niyatim oq, niyatim o‘zimga hamroh bo‘lsin.
Uyga oyoq bossang momiqligidan oyog‘ing cho‘kadigan qo‘sha-qo‘sha gilamlar, dur qadalgan pardalar, ko‘zni qamashtiradigan mebellar, billur qandillar, yevro uslubdagi stol-stullar, tilla suvi yugurtirilgan idishlar, kumush qoshiqlar, sanchqilar, asl sifatli oshxona mebellari, yumshoq mebellar, oshxona jihozlari, bo‘yi shiftga tegadigan muzlatgich, eng zo‘r changyutgich, devorni bir tomonini o‘raydigan televizor... O‘g‘limga tilla uzuk, tilla soat, tug‘ilgan kuniga mashina. Meni tug‘ilgan kunimga tog‘ara-tog‘ara pishiriqlar va tilla uzuk, erimning tug‘ilgan kuniga tabakayu somsalarga qo‘shib kostyum-shimlar. Qizlarimga, qizlarimning bolalariga ne bir sovg‘alar...
Qilsa qiziga qilibdi-da, qizining baxtiga qilibdi-da. Bir yil o‘tib beshik to‘yi. Ana sarpo, mana sarpo. O‘g‘il nabira tug‘ilsa, sovg‘aga hovli yoki kvartira olib berishlar... Qilsa qizining obro‘si, qizining yuzi. Ketsa boydan ketdi…»
Xullas, kelin izlayotgan o‘sha ayolning dardu hasrati olamga tatiydi. Bir odam yo‘qki, «Hoy, sening o‘g‘ling uylanyaptimi? Yoki hakalak otgan nafsing uylanyaptimi?» desa. Avval o‘g‘lingizdan gapiring! Na ishining tayini bor, na biror hunarning. Uylansa, ko‘chadan uyga kirar emish. Eshiting:
25 yoshga kirib, kirmagan aql hech qachon kirmaydi.
35 yoshga kirib, olinmagan ilm hech qachon olinmaydi.
45 yoshga kirib, hunar o‘rganmagan hech qachon hunar o‘rganmaydi.
55 yoshida boy bo‘lmagan odam, hech qachon boy bo‘lmaydi.
Birovning mulkiga ko‘z olaytiradigan qilib tarbiyalabsiz-da shuncha yil o‘g‘lingizni (agar shuni tarbiya deb bo‘lsa). Tamagirlikning nomini qudachilik urf-odatlari nomi bilan berkitmang. Tilanchiga o‘xshab qudanikidan nima kelar ekan, – deb qudaning yo‘liga qarab o‘tirishni qadim qadriyat deyishga uyaling.
Yangi kelgan kelinga «Uydagilaringga ayt, u narsa qilsin, uydagilaringa ayt, bu narsa qilsin?» deya oladigan «izzat»ingiz­ni qudaning izzati deya, sifatlamang. Qiz o‘stirgan ham sizga o‘xshash bir odam. Buni aslo unutmang!

Siz mol-mulk tanlaysiz eshikma-eshik,
Siz kelin izlaysiz eshikma-eshik,
Qiz yo‘q deb bo‘zlaysiz eshikma-eshik,
Sizga ilmu-irfon kerak emasmi?
Qaraysiz hashamat, havolariga,
Naqshin koshinlari navolariga,
Mayda-chuyda buyum sadolariga,
Sizga insof, imon kerak emasmi?
Es-hushingiz bozor, bozorga boring,
Bir hidlab otishga gulzorga boring,
Ozroq nomuslaning va orga boring
Sizga ko‘zi cho‘lpon kerak emasmi?
Siz yurakka emas, yonga qaraysiz.
Qo‘yxona, molxona, ayvonga qaraysiz,
Tortinmay, tap tortmay 
hamyonga qaraysiz,
Qalb atalmish bo‘ston kerak emasmi?
Neni izlayapsiz bir sizga ma’lum.
Nafsingizga qulsiz, nafsiga mahkum,
Kibru havolaysiz, o‘zingizcha kim?
Sizga yaxshi inson kerak emasmi?

Zulfiya MO‘MINOVA

Kiritildi: 08:00 03.08.2019. O'qildi: 3581 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!