— Uy-joydagi o‘z ulushimni opamga notarial hujjatlashtirib bergandim. Biroq fikrim o‘zgarib qoldi, endi o‘z ulushimni qaytarib olsam bo‘ladimi? Agar mumkin bo‘lsa, qancha muddat ichida rasmiylashtirish kerak?
Ismi sir tutildi
Bahodir Saidmuratov, Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi:
— Avvalo, savolga aniqlik kiritish kerak. Agarda gap o‘ziga tegishi lozim bo‘lgan meros ulushidan opasi yoki singlisiga voz kechilganligi haqida ketayotgan bo‘lsa hamda ushbu merosdan voz kechishni qaytarib olish haqida bo‘lsa, javobi quyidagicha:
Fuqarolik kodeksining 1147-moddasiga ko‘ra, merosxo‘r meros ochilgan kundan e’tiboran istalgan vaqtda merosdan voz kechishga haqli.
Merosdan voz kechish merosxo‘r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi.
Agar ishonchnomada vakil orqali merosdan voz kechish vakolati maxsus nazarda tutilgan bo‘lsa, merosdan shu tarzda voz kechilishi mumkin.
Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas.
Ya’ni, yuqoridagi qonun talablariga ko‘ra, merosxo‘r o‘z ulushidan boshqa shaxs (savolda bo‘lgani kabi opasi yoki singlisiga voz kechgan bo‘lsa), bunday voz kechish qaytarib olinishi mumkin emas.
Faqat merosdan voz kechish haqidagi arizaning haqiqiy emasligi umumiy tartibda sudda bitimlarning haqiqiy emasligi asoslari bilan nizolashilishi mumkin. Mazkur holatda merosdan voz kechish haqidagi arizani haqiqiy emas deb topish asosini isbotlash majburiyati bunday shaxs (da’vogar) zimmasiga yuklatiladi.
Agarda savol o‘ziga tegishli bo‘lgan uy-joydagi ulushni opasi yoki singlisiga hadya qilganligi yoki sotganligi holati yuzasidan bo‘lsa quyidagicha javob berish mumkin.
Mol-mulkni, xususan, ushbu mulkdagi ulushni tasarruf qilish bitimlar tuzish yo‘li bilan, bunday mulklar ko‘chmas mulk bo‘lsa, bunday bitimlarni notarial tasdiqlash orqali amalga oshiriladi.
Notarial tuzilgan bitimlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin faqat sud tomonidan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Buning uchun shaxs sudga qanday asosga ko‘ra bunday bitimni haqiqiy emas deb hisoblashini ma’lum qilishi, o‘z vajlarini ishonchli dalillar bilan isbotlashi lozim.
Bitim tuzganidan keyin uning ishtirokchisining fikri o‘zgarganligi, o‘z harakatidan afsusdaligi yoki bitim ishtirokchisi bo‘lgan taraflar (opa-singillar)ning o‘zaro munosabati yomonlashganligi bitimni haqiqiy emas deb topish uchu asos hisoblanmaydi.
Amaldagi fuqarolik qonunchiligiga ko‘ra, faqat Fuqarolik kodeksi 113-126-moddalariga ko‘rsatilgan asoslar bilan bitimlarni haqiqiy emas deb topishga yo‘l qo‘yiladi. Bunday asoslar jumlasiga xususan, muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitim tuzilishi, o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaro tomonidan bitim tuzilishi, yanglishish ta’sirida bitim tuzish, aldash, zo‘rlik, qo‘rqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi yoki og‘ir holatlar yuz berishi ta’sirida bitim tuzish, qalbaki va ko‘zbo‘yamachilik uchun bitim tuzish kabi holatlar kiradi.
Fuqarolik kodeksining 153-moddasiga ko‘ra, merosdan voz kechish haqidagi arizani haqiqiy emas deb topish haqidagi talablarga nisbatan ham, ulushni tasarruf etish yuzasidan tuzilgan tuzilgan bitimlarga nisbatan ham uch yillik da’vo muddati qo‘llaniladi, ya’ni, shaxs uch yil muddat mobaynida ushbu bitimlarning haqiqiy emasligini nizolashishga haqli.