O‘tgan bir sutka ichida Ukraina Rossiyaga rekord darajadagi dronlar bilan hujum qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Vazirlikining xabar berishicha, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning 524 ta droni, beshta “Neptun” raketasi va oltita Jdam tizimi snaryadlarini urib tushirgan.
"Keng ko‘lamli dronlar hujumi oqibatida Rossiyada 350 ta aviareys bekor qilindi yoki kechiktirildi, shu sababli kamida 60 ming yo‘lovchi muammolarga duch keldi", deya xabar bermoqda Rossiya Turoperatorlari assosiasiyasi.
Dronlar hujumi vaqtida Rossiya poytaxtidagi aeroportlar yopilgan edi. Hozirda Moskvadagi aeroportlar yana ish faoliyatini davom ettirmoqda.
Moskvadagi dron hujumlari tufayli Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportida samolyotlar tirbandligi yuzaga keldi. Chunki Moskvaga parvoz qilayotgan reyslarning ko‘pchiligi Sankt-Peterburgga yo‘naltirilgan, Pulkovo aeroportida esa aerodrom uskunalari yetishmaydi.