Bugun 21 dekabr, 2024 yil, shanba

КИР

Urganch davlat universitetiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi

Urganch davlat universitetiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi

Davlat xaridlarida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan Urgancha davlat universitetiga nisbatan tegishli chora ko‘rildi, deb xabar berdi Raqobat qo‘mitasi.

Ma’lum bo‘lishicha, qo‘mitaning Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi Urganch davlat universiteti tomonidan davlat xususiy sherikchiligi asosida qurilishi kerak bo‘lgan 7 qavatli, 600 o‘rinli talabalar turar joyi binosi bo‘yicha boshlang‘ich narxi 29,7 mlrd so‘m bo‘lgan tender savdosi yuzasidan o‘rganish ishlarini o‘tkazgan. O‘rganish ishlari Xorazm viloyati prokuraturasining topshirig‘iga asosan amalga oshirilgan.

Aniqlanishicha, universitet tomonidan Xorazm viloyati qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markaziga taqdim qilingan anketada ob’ektni sohaviy mansubligi va xavf-xatar toifasiga ko‘ra II toifa qilib ko‘rsatilgan.

Aslida esa 9 qavatgacha bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari III toifa sifatida «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga joylashtirilishi lozimdir. Bu Vazirlar Mahkamasining 2020 yildagi 496-sonli qaroriga asoslanadi.

Gap shundaki, agar hududda qurilayotgan ob’ekt II toifaga kirsa, boshqa viloyatdagi qurilish tashkilotlarining tenderda ishtirok etishi cheklanib qoladi.

Shu tariqa universitet boshqa viloyatdagi qurilish tashkilotlarining ishtirok etish huquqini buzgan.

Raqobat qo‘mitasining xabariga ko‘ra, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan endilikda Urganch davlat universitetiga nisbatan («Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi talablari buzilishi yuzasidan) belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, natijasi yuzasidan buyurtmachi tashkilot mansabdor shaxsiga ma’muriy javobgarlik belgilash bo‘yicha tegishli sud organiga ma’lumotlar yuborilgan.

Shuningdek, qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma ham berilgan.

Kiritildi: 11:04 18.09.2024. O'qildi: 1026 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!